Toshkent janggi — 1586-yilda Tavakkal va Abdullaxon II oʻrtasidagi nizolar doirasida boʻlib oʻtgan jang.

Tarixi 1580-yilda Buxoro xoni Abdullaxon II ning qarindoshi shayboniy Bobo Sultonga qarshi kurashda qozoq chingiziylari Shigʻayxon va uning oʻgʻli Tavakkal Abdullaxon II ning ittifoqchisi sifatida chiqish qildilar. Abdullaxon II yosh Tavakkalni Buxoroga olib ketib, u yerda unga harbiy sanʼatdan saboq berdiradi.

1582-yil 7-avgustda Tavakkal Bobo Sultonning kalasini Abdullaxonga keltirib berdi va saxiylik bilan mukofotlandi. U Abdullaxon armiyasida yuqori lavozimga koʻtarildi, unga pul va qimmatbaho liboslar berildi hamda hatto Samarqand yaqinidagi Afarinkent viloyati mulk sifatida topshirildi.

1582-yilda Shigʻayxon vafot etganidan soʻng hokimiyat Tavakkalga oʻtdi, u ilgari boʻlganidek Abdullaxon II ning vassali boʻlib qolaverdi.

Biroq 1583-yilda Fargʻonaga qilingan birgalikdagi yurish paytida Abdullaxon II bilan Tavakkal oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashdi. 1583-yil may oyida Tavakkal Abdullaxon II tomonida turib jangda qatnashdi hamda uning qarindoshi Mehdi Sultonni, Bobo Sultonning oʻgʻli Abd al-Gʻaffor bilan birga asirga olib, ularning ikkalasini ham qatl etdi. Tavakkal xuddi Bobo Sultonning kallasini keltirganda mukofotlangani kabi, ularning ham kallalarini Abdullaxonga keltirsa, mukofot olaman deb oʻylagan edi. Ammo Abdullaxon II bundan juda noriz boʻldi. Chunki Bobo Sulton bevosita jangda oʻldirilgan boʻlsa, bu safar Tavakkal ikki nafar asirni qatl qilgan edi. Tavakkal hech qanday tahsinga sazovor boʻlmadi va qasos olish imkoniyatini poylash uchun qipchoq dashtlariga joʻnab ketdi.

Biroq allaqachon 1583-yilning boshida, Andijon va Fargʻonaga qilingan yurishdan qaytayotganda, Tavakkal hukmdorning oʻziga nisbatan dushmanlik kayfiyatida ekanidan shubhalanib, Dashti qipchoqqa joʻnab ketdi. Manbalarda ushbu qadamning aniq sabablari tilga olinmagan boʻlsada, Abuseyitova bir qancha xulosalar chiqargan. Abdullaxon II taxtni vorislik huquqi boʻyicha emas, balki barcha raqiblarini yoʻq qilib, kuch va diplomatiya evaziga egallagan edi. Ularning koʻpchiligini aynan Tavakkalning qoʻli bilan bartaraf etdi. Abdullaxon II Movarounnahrni birlashtirgach, Tavakkalning oʻzining mavqeyi xavfli boʻlib qoldi. Joʻji avlodidan boʻlgani sababli ham mintaqada hokimiyatga daʼvogarlik qilishi mumkin edi va 1598-yilgi voqealar buni tasdiqladi. Uning xavotirlari oʻrinli edi. Buning ustiga, Abdullaxon II dushmanlar ustidan qozonilgan gʻalabadan soʻng Turkistondagi toʻrtta shaharni qozoqlarga topshirish haqidagi vaʼdasini bajarmagan boʻlishi ham mumkin.

Jangdan oldin Manbaga koʻra, qoʻl ostida 200 ming oila boʻlgan Tavakkal oyratlarning hujumidan soʻng, oʻsha paytda Navroʻz Ahmadxon hukmronlik qilgan Toshkentga qochib oʻtgan. Biroq bu yerda xronologik qarama-qarshilik yuzaga keladi: Navroʻz Ahmad 1556-yilda vafot etgan, Tavakkal esa taxtga faqat 1583-yildan keyin oʻtirgan. Tarixchi T. I. Sultonov matnda Tavakkal ismi ostida boshqa bir hukmdor (Buydashxon yoki Haqnazarxon) nazarda tutilgan, voqealarning oʻzi esa 1550-yillarga tegishli deb hisoblaydi. Sobitovning fikricha, Sayfiy Chelebiy Tavakkal allaqachon xon boʻlgan va haqiqatan ham Toshkentga bostirib kirgan 1586-yilni tasvirlagan. 1586-yildagi Toshkentga qilingan yurish oyratlarning javob zarbasi bilan yuzaga kelgan edi. Oyratlar hujumidan soʻng qozoqlarning bir qismi Tavakkal boshchiligida janubga, Toshkent tomonga chekingan. Yurish davomida bir qancha janglar boʻlib oʻtgan.

Jangning borishi 1586-yilda Tavakkal Abdullaxon II asosiy kuchlari davlatning janubida toʻplanganidan foydalandi. U Movarounnahrning shimoliy viloyatlariga hujum uyushtirib, Turkiston, Toshkent va hatto Samarqandga ham bevosita xavf tugʻdirdi. Xonning sarkardalik mahorati tufayli qozoqlar bir qator gʻalabalarni qoʻlga kiritishga hamda ushbu mintaqadagi baʼzi shaharlarni oʻz davlati tarkibiga qoʻshib olishga muvaffaq boʻldilar.

Qozoq qoʻshini Toshkentni qamal qildi. Shahar mudofaasi uchun tezlik bilan mahalliy xalq lashkarlari toʻplandi. Raqiblar Sharabxona mavzesida toʻqnashdilar. Qozoqlarning qurol-aslahasi oʻziga xos edi: „poʻstinlar va yergaklar ularga qalqon va kuyaklar oʻrnini bosar edi“. Buni koʻrgan toshkentliklar har qanday ehtiyotkorlikni unutib, oʻzlariga bino qoʻygan holda hujumga oʻtdilar, ammo yakunda toʻliq tor-mor etilib, tamoman magʻlubiyatga uchradilar. Xalq lashkarlari tor-mor etilgach, Toshkentdan zudlik bilan Samarqandga, hukmdor Ubaydulla sultonga (Abdullaxonning ukasi) xavf haqida xabar berildi. Samarqanddan katta kuchlarning yetib kelishi vaziyatni saqlab qoldi. Ubaydulla butun Samarqand viloyatidan tezkorlik bilan qoʻshin toʻplab, Sirdaryodan oʻtdi va Toshkent okrugiga kirib keldi.

Ushbu paytda Tavakkal Sayram yaqinida edi. Yangi va qudratli raqibning yaqinlashayotganidan xabar topgach, u yangi jangga kirishishga jasorat qilmadi hamda dashtga chekinishni maʼqul koʻrdi. Shunday qilib, yetib kelgan madad kuchlari tufayli qozoqlar Toshkentni egallay olmadilar va xonning shaharni qoʻlga kiritish boʻyicha birinchi urinishi muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlandi.

Oqibatlari Tavakkalxon yerlarni birlashtirish maqsadida Toshkent va Turkistonni Qozoq xonligiga qoʻshib olish uchun kurashni davom ettirdi.

Tarixchi T. I. Sultonov qozoq xoni oʻz tashqi siyosatining asosiy maqsadi — Sirdaryo boʻyi shaharlarini egallashga erishishda favqulodda matonat va qatʼiyat koʻrsatganini, ammo buning uchun qulay vaziyat faqat 1597–1598-yillarga kelibgina yuzaga kelganini taʼkidlaydi.

1598-yilning boshida Shayboniylar davlatida Abdullaxon II va uning oʻgʻli oʻrtasida kelib chiqqan oʻzaro nizolardan foydalanib, harbiy yurish uyushtirdi. Abdullaxon raqib kuchlariga yetarlicha baho bermay, qozoqlarga qarshi faqat chegarachi qoʻshinlarni safarber etdi. Tavakkalning moxir qoʻmondonligi evaziga qozoqlar Samarqand va Toshkent oʻrtasida oʻzbek qoʻshinini tor-mor keltirdilar.

Manbalar

Turkum:Qozoq xonligi ishtirokidagi urushlar Turkum:Buxoro xonligi qatnashgan janglar Turkum:Oʻzbekistondagi janglar Turkum:Oʻrta Osiyodagi urushlar Turkum:Toshkent