Oʻzbekiston sanatoriysi – Qrim Respublikasining Yalta shahrida joylashgan sanatoriy. Buxoro amiri Amir Abdulahadxon tomonidan 1907—1911-yillarda bunyod etilgan. Sanatoriy bir vaqtning oʻzida 240 nafar kishiga xizmat koʻrsatadi.

Tarixi 1898-yilda Buxoro amiri Amir Abdulahadxon hozirgi sanatoriy hududini Rossiyadan sotib olgan. Soʻng, bu hududda 1 ta bogʻ hamda 4 ta qasr barpo qilgan. Buxoro xalqining ustalari qurilish jarayonlarida bevosita ishtirok etgan. 1911-yil Amir Abdulahadxon vafot etgach, qurilish ishlarini Said Olimxon davom ettirgan. 1921-yildan 4 ta qasr oʻrnida Yalta sharq muzeyi oʻz faoliyatini boshlagan.

1924-yil 23-mayda Qrim markaziy ijro qoʻmitasi prezidiumi qaroriga muvofiq, mulk cheklanmagan muddatda abadiy foydalanish uchun Oʻzbekiston ixtiyoriga oʻtkazilgan. Bu voqeadan soʻng, bu yer „Oʻzbekiston“ sanatoriysi deb yuritilishni boshlagan.

1927-yildan boshlab, sil kasalini davolaydigan sanatoriy sifatida faoliyatini boshlagan. Biroq, 2-jahon urushi vaqtida fashistlar tomonidan bogʻ toʻlaligicha buzib tashlanib, qolgan binolarga ham zarar yetkazilgan.

1969-yildan boshlab, asab va jismoniy kasalliklar sanatoriysiga aylantirilgan. 1970-yildan boshlab esa, Sharof Rashidov tomonidan bir qancha bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan.

„Puling boʻlsa xaltada, dam olasan Yaltada“ maqoli aynan shu sanatoriyga sovet davrida boy oʻzbeklar dam olish maqsadida borganidan kelib chiqqan. Yana qarang Buxoro amirining saroyi (Yalta)

Manbalar

Turkum:Rossiyadagi Oʻzbekiston sanatoriylari