Bagʻdod xalqaro aeroporti , 1982—2003-yillarda Saddam xalqaro aeroporti () – Iroqning eng yirik aeroporti. Bagʻdod shahri markazidan gʻarbda, Bagʻdod muhofazasida joylashgan. Iroqning milliy aviakompaniyasi – Iraq Airwaysning asosiy bazasi hisoblanadi.
Tarixi 1929-yil 1-aprelda Bagʻdod gʻarbiy aerodromi Imperial Airways aviakompaniyasining fuqaro reyslari uchun ochilgan.
1982-yilgacha 1979-yilda fransuz kompaniyasi Spie Batignolles yetakchiligidagi konsorsium aeroportni rivojlantirish boʻyicha kelishuv tuzdi. Ammo Eron—Iroq urushi sababli aeroportning toʻliq ochilishi 1982-yilgacha kechiktirildi. Saddam Husayn sharafiga aeroport Saddam xalqaro aeroporti nomi bilan ochildi.
1991—2003-yillar 1991-yilda BMT Iroqning Kuvaytga bostirib kirishi sababli cheklovlar joriy etganidan soʻng, Bagʻdoddagi fuqaro reyslari deyarli toʻxtatildi. Koʻrfaz urushidan keyin AQSh va Birlashgan Qirollik tomonidan oʻrnatilgan uchish taqiqlari tufayli Iraqi Airways faqat qisqa muddatli mahalliy reyslarni amalga oshira oldi. Baʼzan xalqaro charter reyslar tibbiyot vositalari, yordam xodimlari va hukumat vakillarini olib kelardi. Royal Jordanian Airlines Ammandan Bagʻdodga muntazam reyslar amalga oshirdi.
2003—2005-yillar (AQSh ishgʻoli)
2003-yilda AQSh boshchiligidagi koalitsion kuchlar Iroqqa bostirib kirdi va aprel oyida Bagʻdod aeroportini egallab, uning nomini Bagʻdod xalqaro aeroportiga oʻzgartirdi. Shu bilan birga, aeroportning ICAO kodi ORBSdan ORBIga, IATA kodi esa SDAdan BGWga oʻzgartirildi. Ilgari BGW kodi barcha Bagʻdod aeroportlariga, undan oldin esa Saddam Husayn hukmronligi davrida Al-Muthana aeroportiga tegishli boʻlgan.
2003-yil iyulida aeroport 1991-yildan beri ilk bor fuqaro reyslarini qabul qila boshladi.
2004-yilda aeroportni nazorat qilish Koalitsiya muvaqqat maʼmuriyatidan Iroq hukumatiga qaytarildi.
2005—2011-yillar Aeroportning gʻarbiy qismida joylashgan Sather aviabazasiga Bagʻdoddan muntazam ravishda raketa hujumlari amalga oshirildi. 2006-yil 6-dekabr kuni 107 mm lik raketa hujumi aeroportda toʻxtab turgan C-5A samolyotidan atigi 30 yard (27,5 metr) masofada portladi. Portlash natijasida samolyotda koʻplab oʻq boʻlaklaridan hosil boʻlgan teshiklar yuzaga keldi.
C terminali yangilanib, aeroportda faoliyat yurituvchi aviakompaniyalar uchun uchta faol yoʻlovchi chiqish maydonchasi bilan jihozlandi.
2012-yildan hozirgi kungacha Bagʻdod xalqaro aeroportini Yashil hudud bilan bogʻlovchi Bagʻdod aeroporti yoʻli ilgari portlovchi qurilmalar tufayli xavfli yoʻl sifatida tanilgan edi. 2014-yilda ushbu yoʻl turklar koʻmagida palma daraxtlari, manzarali maysazorlar va favvoralar bilan yangilanib, qayta qurildi.
2023-yil 1-may kuni Bosh vazir Muhammad Shia al-Sudaniy boshchiligidagi Iroq hukumati Bagʻdod aeroporti xizmatlarini yaxshilash va 2023-yilning ikkinchi yarmida kengaytirish loyihasini boshlash rejasini tasdiqladi. Xalqaro moliya korporatsiyasiga koʻra, 2024-yilda aeroportning kengaytirish rejalari yakuniy bosqichga yetdi.
Harbiy maqsadlarda foydalanilishi Aeroport ichidagi alohida anklavda Yangi Al-Muthana aviabazasi joylashgan boʻlib, u yerda Iroq Harbiy-havo kuchlarining 23-eskadroni joylashgan. Bu eskadron uchta Lockheed C-130E Hercules transport samolyoti va bir qancha Sukhoi Su-25 hujum samolyotidan foydalanadi.
Sather aviabazasi yoki Camp Sather 2003-yildan 2011-yilgacha AQSh Harbiy-havo kuchlari bazasi vazifasini bajargan. Aviabaza Iroq erkinligi operatsiyasida birinchi halok boʻlgan havo kuchlari askari, jangovar nazoratchi shtab serjanti Scoot Sather sharafiga nomlangan. Sather 2003-yilda AQShning Iroq ishgʻoli harakatlarining dastlabki bosqichlarida 24-maxsus taktik eskadronining razvedka boʻlinmasiga rahbarlik qilgani uchun „Jasorat“ qoʻshimchasi bilan Bronza yulduz medali bilan taqdirlangan.
Aeroportni rivojlantirish 2010-yil 18-may kuni aeroportni yiliga 15 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadigan darajaga koʻtarish rejasi eʼlon qilindi. Ushbu rejaga koʻra, uchta yangi terminal qurilishi va mavjud uch terminalni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Har bir terminal yiliga 2,5 million yoʻlovchini qabul qila oladi. Loyiha xorijiy investorlar tomonidan moliyalashtirishi koʻzda tutilgan.
Aviakompaniyalar va yoʻnalishlar Yoʻlovchi tashish
Yuk tashish
Statistika
Yillar Yoʻlovchilar Yuk tashish Parvozlar Jami Oʻzgarishi, % da Tonna Oʻzgarishi, % da Parvozlar soni Oʻzgarishi, % da 2015 Maʼlumot yoʻq Maʼlumot yoʻq Maʼlumot yoʻq 2016 5.9% 62.2% 15.5% 2017 96.3% 75.9% 85.1% 2018 11.5% 66.8% 20.4% 2019 3.5% 9.3% 1.3% 2020 75.4% 49.4% 69.7% 2021 123.0% 20.3% 109.5% 2022 40.7% 19.8% 37.5%
Manba: Statistika markaziy tashkiloti. Havo transporti harakatlari statistikasi, 2015, 2016, 2017, 2018, 2019, 2020, 2021 va 2022.
Baxtsiz hodisalar va falokatlar Koʻrfaz urushi davrida yerda turgan Iraqi Airwaysning ikkita Tupolev Tu-124V samolyoti AQSh bombardimoni natijasida yoʻq qilindi. 2000-yil iyun oyida saudiyalik ikki nafar sobiq harbiy zobit Londonga uchayotgan samolyotga chiqib, uning yoʻnalishini Bagʻdodga oʻzgartirishga majbur qildi. Ular Iroqda boshpana soʻrashni istashgan, ammo Iroq maʼmurlari keyinchalik harbiylarni Saudiya Arabistoniga deportatsiya qildi. 2003-yil 22-noyabrda DHL Aviation nomidan faoliyat yurituvchi European Air Transport Airbus A300B4 yuk samolyoti (roʻyxatdan oʻtish raqami OO-DLL) havoga koʻtarilganidan koʻp oʻtmay, SA-14 „Grail“ raketasi bilan urib tushirildi. Samolyotning gidravlik tizimi ishdan chiqdi, bu esa boshqaruvni yoʻqotishiga olib keldi. Ekipaj samolyotning shassisini ochib, qarshilikni oshirdi va dvigatellar quvvatidagi farqlardan foydalanib, samolyotni boshqarib, minimal zarar bilan qoʻndirishga muvaffaq boʻldi. Ekipajning uchchala aʼzosi ham omon qoldi. Ushbu hodisadan soʻng, fuqarolik samolyotlari yerdan qurollar bilan zarba olish xavfini kamaytirish uchun odatda spiral qoʻnish texnikasini qoʻllay boshladi. 2015-yil 26-yanvar kuni Dubaydan Bagʻdodga 154 yoʻlovchi bilan uchib kelayotgan flydubai Boeing 737-800 samolyoti Bagʻdod xalqaro aeroportiga yaqinlashayotganda oʻtochar qurollar bilan oʻqqa tutildi. Samolyot muvaffaqiyatli qoʻndi. Samolyotga kamida uchta oʻq tegishi oqibatida bir yoʻlovchi yaralangan. Hodisadan keyin BAAning Flydubai va Emirates aviakompaniyalari Dubaydan Bagʻdodga parvozlarini toʻxtatdi. Turkish Airlines va Royal Jordanian aviakompaniyalarining parvozlari ham vaqtincha toʻxtatildi. 2020-yil 3-yanvarda AQShning dron zarbasi Bagʻdod aeroporti yaqinida yoki uning yoʻlida ketayotgan kortejni nishonga oldi. Bu hujumda Eronning Quds kuchlari rahbari Qosim Sulaymoniy va Xalq safarbarlik kuchlari rahbarining oʻrinbosari Abu Mahdiy al-Muhandis halok boʻldi.
Manbalar
Havolalar
Baghdad Airport Arrivals and Departures (norasmiy veb-sayt) Globalsecurity.org profile Christian Science Monitor article on reconstruction, October 2003 Extensive photographs of Baghdad Airport – 12.07.2004
Turkum:Iroq aeroportlari Aeroport