When Father Was Away on Business (Dadam xizmat safarida: ) — 1985-yilda Emir Kusturica tomonidan suratga olingan Yugoslaviya filmi. Ssenariyni dramaturg Abdulah Sidran yozgan. Film 1985-yilda Cannes kinofestivalida „Oltin palma novdasi“ni qoʻlga kiritdi va Oscar mukofotining „Eng yaxshi xorijiy film“ nominatsiyasiga nomzod boʻldi.
Syujeti
1950-yil iyun. Sarayevo mahallalaridan birida mast Franyo amaki dala ishchilariga qoʻshiq aytib yurardi. Ajablanarlisi shuki, u faqat meksikacha qoʻshiqlarni kuylaydi. Sovuq urush avjiga chiqqan bu yillarda AQSh yoki Sovet Ittifoqidan chiqqan bironta kuyni xirgoyi qilish ham odamga qimmatga tushishi mumkin edi, Meksika qoʻshiqlari esa hech kimni xavotirga solmaydi. Josip Broz Tito va Joseph Stalin ziddiyatidan keyin Yugoslaviyada hamma bir-biridan shubhalanadigan, hokimiyat esa har qadamda „davlat dushmanlari“ni qidirayotgan edi. Shu tashvishli mahallada kichkina Malik tengdoshlari bilan daraxtlarga chiqib oʻynab yurardi. Hayoti oddiy bolalarnikidek tuyulsada, uning bir sirli odati bor, u tunda uyqusida yurardi. Onasi Sena oʻgʻliga otasi xizmat safarida ekanini aytadi va Malik bu gapga ishonadi.
Aslida esa Malikning otasi Meša xizmat safarida emas, mehnat lagerida edi. Meša kommunist amaldor edi, ammo „Politika“ gazetasida chiqqan, Josip Broz Tito va Joseph Stalin ziddiyatiga bagʻishlangan bir karikatura haqida beixtiyor fikr bildirib qoʻyadi, xolos. Shu bir gap uning taqdirini hal qiladi, uni mehnat lageriga oʻz qaynogʻasi, Senaning akasi Zijo joʻnatadi. Zijo ham kommunist amaldor, ustiga-ustak Mešadan ham baland lavozimda. Shunday qilib, oila boshiga tushgan kulfatning ortida begona emas, oʻz qarindoshi turadi.
Oradan vaqt oʻtadi va Malik amakisi qoʻlida xatna qilinadi, soʻng Sena bolalari bilan Zvornikka, Mešaning yoniga koʻchib oʻtadi, shu tariqa oila yana bir joyga jam boʻladi. Bu yerda Malik hayotida birinchi muhabbatini uchratadi, rus shifokorining qizi Masha bolaning qalbini zabt etadi. Afsuski, bu hissiyotlar uzoqqa bormaydi. Malik Mashani oxirgi marta uni tez yordam mashinasi olib ketayotganda koʻradi.
Malikning togʻasi Fahroning toʻyida koʻp haqiqatlar oshkor boʻladi. Bola shu yerda otasining ayol uchuvchi bilan yashirin aloqasiga guvoh boʻladi. Keyinroq bu ayol hojatxonaning suv tushirish shnuri bilan oʻzini oʻldirishga urinadi. Shu tariqa, hikoya oʻzining yakuniy qismiga yetib keladi, Zijoga qandli diabet tashxisi qoʻyiladi, Sena esa oradagi adovatni unutib, akasi bilan yarashadi
Ishlab chiqarish Film Sarayevoda joylashgan „Centar Film“ va „Forum“ kompaniyalari tomonidan suratga olingan, prodyuseri — Mirza Pašić. Ssenariy muallifi Abdulah Sidran filmga „Tarixiy sevgi hikoyasi“ degan kichik sarlavha bergan. Filmning operatori Vilko Filač, montajyori Andrija Zafranović, musiqasi muallifi esa Zoran Simjanović boʻlgan.
Film 1985-yil 15-yanvarda Yugoslaviyada, 12-sentabrda esa Germaniya Federativ Respublikasida namoyish etildi. GFRda film distributsiyasi bilan „Scotia International Filmverleih“ kompaniyasi shugʻullandi. AQShda esa kartina „Cannon Film Distributors“ kompaniyasi tomonidan subtitrli variantda premyera qilinadi.
1985-yil 8–20-may kunlari oʻtkazilgan Cannes kinofestivalida film „Oltin palma novdasi“ va FIPRESCI mukofotiga sazovor boʻldi. Bu Kusturica uchun birinchi „Oltin palma novdasi“ edi, ikkinchisini u 1995-yilda „Underground“ filmi uchun oldi. Film shuningdek Oscar va Oltin globus mukofotlariga nomzod boʻlgan. Pula kinofestivalida „Eng yaxshi film“ nominatsiyasida „Katta oltin arena“ mukofotini, Mirjana Karanović „Eng yaxshi aktrisa“ nominatsiyasida „Oltin arena“ mukofotini qoʻlga kiritdi.
Rollarda
Manbalar
Havolalar
Turkum:1985-yil filmlari Turkum:Yugoslaviya filmlari Turkum:Serb-xorvat tilidagi filmlar Turkum:Emir Kusturica filmlari Turkum:Alifbo boʻyicha filmlar