Rozaliya masjidi, shuningdek, Mukim Rozaliya masjidi (Kavi yozuvi: الحرم الغاري الشريف), Al-Haram al-Gʻoriy ash-Sharif nomi bilan tanilgan, Malayziyaning Kelantan shtati Gua Musang tumanida joylashgan. Masjid qurilishi 2022-yilda yakunlangan. COVID-19 pandemiyasi sababli qurilish ishlari ikki yilga kechikkan. Kelantanning sayyohlik maskanlaridan biri boʻlgan ushbu masjid Makka shahridagi Al-Masjid al-Harom meʼmoriy uslubi va dizayniga taqlidan bunyod etilgani bilan mashhur.
Tarixi Rozaliya masjidi qurilishidan avval bu hududda faqat Rozaliya eski masjidi mavjud boʻlgan. Biroq ushbu masjid juma namozlari va hayit namozlarida koʻp sonli namozxonlarni sigʻdira olmas edi. Bundan tashqari Galas daryosi boʻyida joylashgani sababli eski masjid tez-tez suv toshqinlariga uchrar, bu esa binoga jiddiy zarar yetkazardi. Shuningdek, diniy masala ham yuzaga kelgan: eski Rozaliya masjidining asosiy namozxonasida qabr joylashgan edi. Islom ulamolarining masjidning asosiy namozxonasida qabr boʻlmasligi kerakligi haqidagi qarashiga koʻra hududdagi konservativ musulmonlar bu masjidda namoz oʻqimay qoʻyganlar. Ushbu muammolar hisobga olingach, Gua Musang tumanidan sobiq parlament aʼzosi Tengku Hamza yaqin atrofda yangi masjid qurilishini maʼlum qilgan.
Qishloq markazidagi mahalla politsiya boʻlimi yonidan masjid qurilishi uchun joy tanlangan. Qurilish ishlari 2016-yil aprel oyida boshlangan. Masjid 2020-yilda deyarli bitkazilgan edi, biroq COVID-19 pandemiyasi sababli qurilish yakunlanishi kechiktirilgan. Oxir-oqibat, Rozaliya jome masjidi 2022-yilda toʻliq qurib bitkazilgan va shu yilning aprel oyida ochilgan.
Meʼmorchiligi Rozaliya jome masjidi Makka shahrida joylashgan va musulmonlar uchun eng muqaddas maskan hisoblangan Al-Masjid al-Haromning kichikroq, ammo toʻlaqonli nusxasi sifatida mashhur. Masjid hovlisida Kaʼbaning asl oʻlchamlariga mos nusxasi ham mavjud. Al-Masjid al-Harom masjidi singari Rozaliya jome masjidi meʼmorchiligida Umaviylar, Mamluk va Usmoniylar meʼmoriy unsurlarini zamonaviy elementlar bilan uygʻunlashtirilgan.
Masjid majmuasidagi barcha binolar Makka tomonga, yaʼni qiblaga yuzlanishi uchun asosiy koʻchaga nisbatan qiya joylashtirilgan. Asosiy masjid binosining ikki yonida Al-Masjid al-Harom minoralariga oʻxshash 9 ta minora qad rostlagan. Hovliga qaragan asosiy namozxonaning kirish qismi ustida bir xil shakldagi 3 ta gumbaz joylashgan. Asosiy namozxonaning poli toʻliq gilam bilan qoplangan, masjidning gilam toʻshalmagan boshqa qismlarida esa oq plitkalardan foydalanilgan. Masjid hovlisiga olib kiruvchi 15 ta eshik mavjud. Hovli markazida Kaʼbaning nusxasi sifatida qurilgan kub shaklidagi inshoot joylashgan. Uning atrofiga Kaʼbaning Makkadagi asl nusxasini qoplab turuvchi kisvaga oʻxshash mato oʻralgan.
Asosiy namozxona yonida mehrob yoʻlagi deb ataladigan yoʻlak joylashgan. Unda namoz oʻqiladigan qibla yoʻnalishini koʻrsatuvchi naqshinkor qilib ishlangan 2 ta mehrob mavjud. Bu yoʻlakdan faqat namozxonlar koʻp toʻplanadigan tadbirlarda, jumladan, juma va ikki hayit namozlarida foydalaniladi.
Transport Masjidga Gua Musang temiryoʻl bekatidan borish mumkin. Ushbu bekat orqali KTM Intercity yoʻlovchi poyezdlarining toʻrtta qatnovi amalga oshiriladi.
Yana qarang Malayziyadagi masjidlar roʻyxati
Manbalar
Turkum:Gua Musang tumani Turkum:Malayziyadagi masjidlar