Qizil piramida (yoki Shimoliy piramida) — Misrning hozirgi Qohira shahri yaqinidagi Dahshur nekropolida joylashgan piramida. Misr piramidalari orasida hajmi jihatidan uchinchi oʻrinda turadi; undan faqat Xeops piramidasi va Xafra piramidasi kattaroq. Qizil piramida silliq yonbagʻirli haqiqiy piramida qurishning Misrdagi ilk muvaffaqiyatli namunasi deb hisoblanadi.
Tarixi Qizil piramida Qadimgi podsholik davrida, IV sulola fir’avni Snofru tomonidan qurilgan uchinchi piramida hisoblanadi. Uning qurilishi taxminan miloddan avvalgi 2575–2563-yillarga toʻgʻri keladi. Piramida Qiya piramidadan taxminan 1 km shimolda joylashgan.
Qizil piramidaning yonbagʻirlari taxminan 43° burchak ostida qurilgan. Bu burchak Qiya piramidaning yuqori qismidagi qiyalik bilan bir xil boʻlib, Qizil piramidaga boshqa yirik Misr piramidalariga nisbatan pastroq va kengroq koʻrinish beradi.
Qurilish Snofru hukmronligining taxminan oʻttizinchi yilida, miloddan avvalgi 2590-yillar atrofida boshlangan deb taxmin qilinadi. Arxeologlar qurilish qancha davom etgani haqida turli fikrlarni bildirgan. Rainer Stadelmann qurilish taxminan 17 yil davom etgan deb hisoblaydi, Rolf Krauss esa shu davrga oid qurilish yozuvlarini oʻrganib, 10–11 yil degan xulosaga kelgan. Keyinchalik Jon Romer ham ikkinchi taxminni qoʻllab-quvvatlagan.
Arxeologlarning fikricha, piramida loyihasining shakllanishiga Snofruning avvalgi ikki piramidasini qurish jarayonida yuzaga kelgan muammolar taʼsir koʻrsatgan boʻlishi mumkin. Meidum piramidasi qadimgi davrlardayoq qulab tushgan, Qiya piramidaning esa qurilish davomida qiyalik burchagi 54° dan 43° gacha oʻzgartirilgan.
Ayrim olimlar Meidum piramidasi silliq yonbagʻirli piramida qurishga qaratilgan dastlabki urinish boʻlgan deb hisoblaydi. Qiya piramidada yuzaga kelgan barqarorlik muammolari quruvchilarni qiyalik burchagini oʻzgartirishga va keyinchalik Qizil piramidani nisbatan barqarorroq burchak ostida qurishga undagan boʻlishi mumkinKurt Mendelssohn (1974), The Riddle of the Pyramids, Praeger..
Tuzilishi Qizil piramidaning balandligi taxminan 105 metr, asosining har bir tomoni esa 220 metrni tashkil etadi. Uning hajmi taxminan 1 694 000 m³, yonbagʻirlarining qiyalik burchagi esa 43°22′ ga teng.
Piramida dastlab oq rangli Tura ohaktoshi bilan qoplangan. Keyinchalik, Oʻrta asrlarda qoplama toshlarining katta qismi Qohiradagi binolar qurilishida ishlatilgan. Natijada ichki qizgʻish ohaktosh ochilib qolgan va yodgorlik hozirgi nomini olgan. Piramida asosida oq qoplama toshlarining ayrim qoldiqlari saqlanib qolgan.
Mahalliy aholi uni el-heram el-watwaat, yaʼni „Koʻrshapalak piramidasi“ deb ham ataydi.
Piramida tepasiga oʻrnatiladigan tosh qopqoq — piramidionning parchalari topilib, qayta tiklangan va hozir yodgorlik hududida namoyish etiladi. Biroq bu parchalar haqiqatan ham Qizil piramidaning piramidoniga tegishli boʻlgan-boʻlmagani aniq emas, chunki qayta tiklangan qismining qiyalik burchagi piramidanikidan farq qiladi.
Ichki tuzilishi Qizil piramidaning shimoliy tomonida, balandlikda joylashgan kirish yoʻli mavjud. Kirishdan keyingi yoʻlak pastga qarab qiyalashib, birinchi xonaga olib boradi. Uning shift qismi yuqoriga pogʻonama-pogʻona torayib boradigan usulda qurilgan.
Birinchi xonadan qisqa gorizontal yoʻlak orqali ikkinchi xonaga oʻtiladi. Ikkinchi xona piramidaning markaziy choʻqqisi ostida joylashgan. Uning janubiy devorining yuqori qismidagi kirish yoʻli uchinchi va oxirgi xonaga olib boradi.
Uchinchi xonaning uzun oʻqi sharqdan gʻarbga yoʻnalgan, dastlabki ikki xonaniki esa shimoldan janubga qaragan. Uchinchi xona piramidaning dafn xonasi boʻlgan deb taxmin qilinadi. Xona devorlari va shiftidagi qorayishlar mash’alalardan chiqqan tutun hamda qadimgi davrlarda qabrni talashga urinishlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkinJohn Shae Perring, Howard Vyse, William Howard, Operations carried on at the Pyramids of Gizeh in 1837: with an account of a voyage into upper Egypt, and Appendix, 3-jild, London, 1842, 65-bet..
Koʻp yillar davomida yaqin atrofdagi harbiy lager sababli Qizil piramida va Qiya piramida sayyohlar uchun yopiq boʻlgan. Hozirda Qizil piramida odatda tashrif buyuruvchilar uchun ochiq.
Galereya
Manbalar
Adabiyotlar Bárta, Miroslav. „Location of the Old Kingdom Pyramids in Egypt“. Cambridge Archaeological Journal, 2005, 15-jild, 2-son, 177–191-betlar. Lehner, Mark. The Complete Pyramids. New York: Thames & Hudson, 2008. Mendelssohn, Kurt. The Riddle of the Pyramids. Praeger, 1974. Romer, John. The Great Pyramid: Ancient Egypt Revisited. Cambridge University Press, 2007. Verner, Miroslav. The Pyramids: The Mystery, Culture and Science of Egyptʼs Great Monuments. Grove Press, 2001.
Havolalar The Red Pyramid of Snofru
Turkum:Miloddan avvalgi 26-asrda tugallangan binolar va inshootlar Turkum:Giza muhofazasi Turkum:Misr piramidalari Turkum:Snofru