Qino universiteti (inglizcha: Qena University, qisqartmasi: QU) — Misrdagi oʻquv va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri. Dastlab Asyut universitetining filiali boʻlgan bu oliygoh 1995-yilda mustaqil universitet sifatida tashkil etilgan. Universitetning ikkinchi kampusi Suvaysh qoʻltigʻi Qizil dengiz bilan tutashgan qirgʻoqboʻyi shahri — Hurgadada joylashgan. Avvallari Sohag shahridagi kampusi ham uning tarkibida boʻlgan, ammo 2006-yilda u mustaqil Sohag universitetiga aylantirilgan.
Qino universitetining ikki kampusda taqsimlangan 16 ta fakulteti mavjud. Hurgada shahrida Pedagogika fakulteti faoliyat yuritadi. Shuningdek, universitet tarkibiga Adabiyot, Huquq, Tabiiy fanlar, Maxsus taʼlim, Tibbiyot, Veterinariya, Hamshiralik ishi, Muhandislik, Tijorat, Qishloq xoʻjaligi va Jismoniy tarbiya fakultetlari kiradi. Universitet rektori — professor Ahmad Akqaviy Abdulaziz.
Texnik va ilmiy yoʻnalishlar Universitetning texnik va maʼmuriy faoliyati uchta asosiy yoʻnalishni oʻz ichiga oladi: Taʼlim va talabalar ishlari, Aspirantura hamda ilmiy tadqiqotlar, Jamiyatga xizmat koʻrsatish va atrof-muhitni rivojlantirish.
Aspirantura va ilmiy tadqiqotlar Bu tarmoq aspirantura va doktoranturaga oid barcha sohalarni (diplom, magistratura, doktorlik, ilmiy stajirovka), shuningdek, ilmiy tadqiqotlar, nashrlar, ilmiy jurnallar, akademik unvonlar, tadqiqotchilarni ragʻbatlantirish hamda laboratoriya jihozlarini qamrab oladi. Sektor tarkibiga universitet kutubxonalari, fakultetlardagi kutubxonalar, universitet kasaxonalari va muzeylar kiradi.
Jamiyatga xizmat koʻrsatish va atrof-muhitni rivojlantirish Bu soha jamiyat va atrof-muhitga xizmat qiluvchi maxsus markazlar, boʻlinmalar hamda muassasalar faoliyatini nazorat qiladi. Qoʻshimcha ravishda, ekologik madaniyat darajasini oshirishga qaratilgan ilmiy anjumanlar, simpoziumlar hamda mahalliy aholi bilan bevosita muloqot qilish uchun tibbiy va veterinariya yoʻnalishidagi amaliy yordam karvonlarini tashkil etadi.
Manbalar
Havolalar Rasmiy veb-sayti Turkum:Misr universitetlari Turkum:Misrda taʼlim