Al-Husayn masjidi () — Misrning Qohira shahri Xon al-Xaliliy bozori yaqinida joylashgan masjid va maqbara. Karbalo jangida shahid boʻlgan Husayn ibn Alining qabri ham shu yerda joylashgan. Dastlab 1154-yilda bunyod etilgan ushbu masjid va maqbara 1874-yilga kelib qayta qurilgan. Mashhur Al-Azhar masjidiga tutash boʻlib, Al-Husayn deb ataluvchi hududda joylashgan. Misrdagi eng muqaddas islomiy ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. Baʼzi shialar Husaynning boshi (raʼs muborak) hozir ziyoratgoh joylashgan masjid hududiga dafn etilgan, deb hisoblaydilar.

Tarixi Fotimiylar davri Fotimiylar manbalariga koʻra, milodiy 985-yilda Fotimiylarning beshinchi xalifasi al-Aziz Billoh Bagʻdoddagi zamondoshlaridan biri orqali oʻz bobokaloni yaʼni Husayn ibn Alining boshi dafn etilgan joyni aniqlashga erishgan. Marhumning boshi 1153-yilgacha qariyb 250 yil davomida Falastinda Husaynning boshi ziyoratgohida dafn etilgan holda saqlangan. 1091-yilda Husayn ibn Alining boshi dafn qilingan joyni yana bir bor aniqlashga muvaffaq boʻlishgan. Oʻsha paytda yaʼni xalifa al-Mustansir hukmronligi davrida vazir va amaldagi de facto hukmdor Badr al-Jamoliy bu hududni Fotimiylar xalifaligi tasarrufiga qayta kiritgan edi. Uning buyrugʻi bilan shu joyda yangi jome masjid va mashhad qurilishi boshlangan.

Salibchilarning yurishi kuchaygani tufayli xalifa az-Zofir marhumning boshini Qohiraga koʻchirishni buyurgan. Husayn ibn Alining boshi saqlangan sandiq qazib olinib, hijriy 548-yil Jumodissoni oyining 8-sanasi yakshanba (milodiy 1153-yil 31-avgust) kuni Ashkelondan Qohiraga koʻchirib kelingan.

Tarixchilar al-Maqriziy, Ahmad al-Qalqashandiy va Ibn Muyassar tomonidan berilgan maʼlumotlarga koʻra, sandiq Qohiraga seshanba kuni, Jumodissoni oyining 10-sanasi (milodiy 1153-yil 2-sentyabr)da keltirilgan. Qayiqda Kafuriy bogʻiga olib borilib, u yerda Qubbat ad-Daylam yoki Turbat az-Zaʼfaron degan joyga dafn etilgan. Hozirda bu joy al-Mashhad al-Husayniy, Bob Muxallafot ar-Rasul nomlari bilan maʼlum. Abdulloh al-Mahdiy Billohdan al-Amir bi-Ahkamillohgacha boʻlgan barcha Fotimiy imom-xalifalar masjid va Fotimiylarning asosiy saroylari yaqinidagi Turbat az-Zaʼfaronga dafn etilgan.

Fotimiylar xalifaligi vaziri Taloi ibn Ruzzik keyinchalik marhumning boshini oʻzi 1160-yilda qurdirgan yangi masjid va ziyoratgoh As-Solih Taloi masjidiga koʻchirishni rejalashtirgan, biroq bu ish amalga oshirilmagan.

Ayyubiylar davri Bugungi kunda Ayyubiylar davrida qurilgan masjiddan yagona saqlanib qolgan yagona qism Bob al-Axdar darvozasi ustidagi minoradir.

Husayn ibn Alining tobutini Qohiraga olib kelgan qoʻriqchilardan biri haqida Misrning mashhur mamluk tarixchisi Mohiyuddin Abduzohir shunday yozgan:

Salohiddin hokimiyat tepasiga kelgach, Fotimiy imomlarining barcha saroylarini egallab oldi, ularning mol-mulki va xazinalarini talon-toroj qildi. Shuningdek, Nil daryosi boʻyidagi kutubxonalarda saqlangan yuz minglab qimmatbaho va noyob kitoblarni yoʻq qildirdi. U aygʻoqchilari orqali Qohira shahrida xalq orasida Raʼs al-Imom al-Husaynning qoʻriqchilaridan biri katta hurmatga ega ekanligidan xabar topdi va bu qoʻriqchi Fotimiy imomlarining xazinalari haqida maʼlumotga ega boʻlishi mumkin, degan xulosaga keldi. Salohiddin uni huzuriga olib kelishlarini buyurdi va undan Fotimiy xazinalarining qayerda ekanligini soʻradi. U zot esa xazina haqida hech qanday maʼlumotga ega emasligini bildirdi. Bundan gʻazablangan Salohiddin oʻzining maxfiy aygʻoqchilariga uni qiynoqqa solib soʻroq qilishni buyurdi. Biroq u kishi barcha qiynoqlarga bardosh berdi va hech qanday xazinadan xabari yoq’ligini takrorladi. Shundan soʻng Salohiddin askarlariga uning boshiga qirqoyoqlar solingan qalpoq kiydirishni buyurdi. Bunday jazo shu qadar ogʻir va chidab boʻlmas ediki, hech bir kishi bu qiynoqqa hatto bir necha daqiqa ham bardosh bera olmas edi.

„Qirqoyoqlar solingan qalpoqni boshiga kiydirishdan avval u zotning sochlari qirib tashlandi. Bu qirqoyoqlarning qonni soʻrishini osonlashtirar, natijada bosh suyagida teshiklar paydo boʻlishiga olib kelardi. Biroq bu jazo unga mutlaqo azob bermadi. Shunda Salohiddin u kishining boshidagi qalpoqqa yanada koʻproq qirqoyoq solishni buyurdi, biroq bu jazo ham unga kuchli ogʻriq bera olmadi. Oxir-oqibat, Salohiddin tayinli bir javob olish uchun uning boshiga qirqoyoqlar bilan toʻldirilgan tor qalpoq kiydirishni buyurdi. Bu usul ham yordam bermadi. Zolimlar hayratga tushib, qalpoqni yechganlarida qirqoyoqlar oʻlib qolgan edi. Salohiddin undan bu moʻjizaning siri nimadaligini soʻradi. Ras al-Imom al-Husayn Qasarga, Al-Moizziyat al-Qohiraga olib kelinganida u zot sandiqni boshida koʻtarib kelgan edi. U zot shunday deb javob berdi: Ey Salohiddin! Mening omonligimning siri shu.

Keyingi yillar

Tohir Sayfiddin Raʼs al-Husayn () yoki Mashhad Raʼs al-Husayn nomi bilan tanilgan maskan uchun Mumbayda zarih yasattirgan. Sayfiddin 1965-yilda vafotidan sal avval zarihni masjidga oʻrnatish uchun Qohiraga yuborgan. Keyinchalik zarih uning oʻgʻli Muhammad Burhonuddin tomonidan tantanali ravishda ochib berilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, bu zarih dastlab Iroqning Karbalo shahridagi Abbos masjidi uchun moʻljallangan, biroq zarihni u yerga oʻrnatishning imkoni boʻlmagan. Zarih oʻrnatiladigan joy va zarihning oʻzi oldindan aniq oʻlchab chiqilgan boʻlsa-da, amalda zarih oʻsha belgilangan joyga sigʻmagan. Shundan soʻng Tohir Sayfiddinga shunday vahiy kelgani rivoyat qilinadi. Unga koʻra, Karbalo jangida oʻzining oʻgay akasi Husayn ibn Ali bilan birga shahid boʻlgan Abbos ibn Ali sadoqat yuzasidan Raʼs al-Husayn zarihsiz qolishiga yoʻl qoʻya olmagan. Shu sababli Abbosning zarihi samolyotda Qohiraga olib kelinib, Karbalodagi Abbos masjidiga emas, balki Al-Husayn masjididagi Raʼs al-Husayn qismiga oʻrnatilgan.

Masjid suv taʼsirida jiddiy zarar koʻrgan va 1996-yilda Oliy yodgorliklar kengashi tomonidan taʼmirlangan. Asosiy restavratsiya ishlari masjid maqbarasida amalga oshirilib, ustiga poʻlatdan tayyorlangan yangi gumbaz oʻrnatilgan. 2022-yil mart oyida yana bir keng koʻlamli taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilgan, shuningdek, yangi ziyoratgoh ham barpo etilgan. Shundan soʻng masjid 2022-yil aprel oyida prezident Abdulfattoh as-Sisiy va Dovudiy bohralar jamoatining 53-dai al-mutlaqi Mufaddal Sayfuddin tomonidan rasman ochib berilgan.

Meʼmorchiligi

Maqbara 1154-yilda qurib bitkazilgan. Dastlabki Fotimiylar davri meʼmoriy tuzilmasidan masjidda faqat janubiy tomondagi Bob al-Axdar deb ataluvchi darvozaning quyi qismi asl holicha saqlanib qolgan. 1237-yilda Ayyubiylar tomonidan minora qurdirilgan. Masjiddagi turli davrlarga mansub minoralar Qohirani boshqargan sulolalarning almashinuvi va ularning oʻz hokimiyatini meʼmorchilik orqali namoyish etish jarayonini aks ettiradi. Nihoyat, 1874-yilda Ismoil posho (Xediv Ismoil) Al-Husayn masjidini neogotika meʼmorchiligi taʼsirida qayta qurdirgan. Qohirani modernizatsiya qilishga intilgan Ismoil posho masjid meʼmorchiligida italyan gotikasi va Usmoniylar uslubidagi minoralarni uygʻunlashtirgan. Xidivlik davrida islom meʼmorchiligida keng tarqalgan turli meʼmoriy uslublarning bunday uygʻunlashuvi islomiy eklektizm deb ataladi.

Al-Husayn masjidiga eng soʻnggi qoʻshilgan inshootlar — 3 ta katta soyabon boʻlib, ular yoz kunlari ochiq havoda namoz oʻqiyotganlarni quyoshdan, qish oylarida esa yomgʻirdan himoya qilish maqsadida oʻrnatilgan. Ular mexanik tarzda boshqarilib, Saudiya Arabistonidagi koʻplab masjidlardagiga oʻxshash dizayn asosida poʻlat hamda teflondan ishlangan. Masjidga koʻplab odamlar namoz oʻqish va maqbarani ziyorat qilish uchun tashrif buyuradi. Garchi musulmon boʻlmaganlarning masjid binosiga kirishiga ruxsat berilmasa-da, sayyohlar inshootni tashqaridan tomosha qilishlari mumkin.

Bob al-Muxallafot an-Nabaviya ash-Sharifa

Ras al-Husayn yonida paygʻambar Muhammadga tegishli deb hisoblanadigan yodgorliklar saqlanadigan yerosti xonasi mavjud. 1986-yilda Muhammad Burhonuddin II tomonidan kumush va oltin bilan bezatilgan eshik yasalib, ushbu xonaga oʻrnatilgan.

Mazkur xona 1893-yilda masjid tarkibiga qoʻshilgan. Unda paygʻambar Muhammadga tegishli deb hisoblaniladigan bir qancha yodgorliklar saqlanadi. Ular orasida paygʻambar bir vaqtlar kiygan zigʻir matoli chakmonning bir qismi deb qaraladigan mato parchasi, uning sochidan olingan toʻrt tola solingan chiroq, unga tegishli boʻlgan mis surma idishi, Makkani fath etib kirganida olib yurgan hassasi va sahobalaridan biri tomonidan unga yuborilgan qilich mavjud. Xonada, shuningdek, Ali ibn Abu Tolib tomonidan kufiy xatida koʻchirilgan Qur’on nusxasi ham saqlanadi. 501 sahifadan iborat ushbu qoʻlyozma bugʻu terisiga yozilgan.

Yana qarang

Misrda islom Qohiradagi masjidlar roʻyxati Misrdagi masjidlar roʻyxati

Eslatmalar

Manbalar

Havolalar

Turkum:Qohiradagi tarixiy yodgorliklar Turkum:Misrda islom meʼmorchiligi Turkum:Qohiradagi maqbaralar Turkum:Misrdagi gumbazli masjidlar Turkum:Misrdagi minorali masjidlar Turkum:Qohiradagi masjidlar Turkum:Misrdagi Usmoniylar masjidlari