Usmon Katxudo al-Qozdagʻliy masjidi, odatda, Al-Kixya masjidi deb ataladi, Misrdagi Usmoniylar davriga oid masjidlardan biri. 1734-yilda bunyod etilgan. Qohiraning Azbakiya tumanida joylashgan. Masjid amir Usmon Katxudo nomi bilan atalgan. Usmon Katxudo koʻplab diniy inshootlarni bunyod ettirgan va ushbu masjidni qurish uchun oʻz mulkining katta qismini vaqf qilgan yuqori martabali amir boʻlgan.
Tarixi Shahzoda Usmon qurilishni yakunlagach, mashhur shayx Umar ibn Ali ibn Mustafo at-Tahlaviyni masjid mudarrisi etib, shayx Hasan al-Maqdisiyni esa imom va xatib etib tayinlagan. Masjidda oʻqilgan birinchi namozga juda koʻpchilik kishilar yigʻilgan. Odam shunchalik gavjum boʻlganki, hatto kechikibroq kelgan shahzoda Usmonbek Zulfiqor ham namoz oʻqish uchun joy topolmagach, yaqin atrofdagi Azbak masjidiga qaytib ketgan.
Masjid 1979-yilda UNSECO Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. 1992-yil Qohirada sodir boʻlgan zilzila oqibatida masjid jiddiy zarar koʻrgan, biroq restavratsiyadan oʻtkazilib, 2000-yilga kelib toʻliq taʼmirlangan.
Tavsifi Masjid Mamluklar davriga xos boʻlgan oʻziga xos meʼmoriy uslubga ega. Binoning markaziy hovlisi toʻrt tomondan toʻrtta ayvon bilan oʻralgan boʻlib, eng katta ayvonning yuqori qismi yirik gumbaz bilan qoplangan. Masjidning toʻrtta fasadi mavjud boʻlib, oʻzining nafis bezaklari bilan ajralib turadi.
Marmar zinalar kirish eshigiga olib boradi. Eshik guldor naqshlar bilan bezatilgan. Masjid devorlarining yuqori qismini Qur’on oyatlari bitilgan yogʻoch karniz oʻrab turadi. Qibla devorining markazida ikki qora ustun yonida joylashgan, nafis ishlov berilgan marmar mehrob mavjud. Mehrobning tepasida esa rang-barang vitraj oynalar bilan bezatilgan dumaloq deraza boʻlib, unda Alloh, Muhammad, Abu Bakr va Usmon nomlari bitilgan.
Manbalar
Turkum:Misrdagi gumbazli masjidlar Turkum:Misrdagi minorali masjidlar Turkum:Qohiradagi masjidlar Turkum:Misrdagi Usmoniylar masjidlari