Ali al-Koshif Jamoliddin masjidi ( — Misrning Manfalut shahrida joylashgan Usmoniylar davriga oid masjid. Misr hukmdori Muhammad Ali hukmronligi davrida 1811-yilda bunyod etilgan.

Tarixi Al-Koshif masjidi oʻsha paytda Asyut hokimi boʻlgan Ali al-Koshif tomonidan barpo etilgan. Masjid shaharning savdo-sotiq nuqtayi nazaridan nihoyatda muhim va mashhur hududlaridan biri boʻlgan al-Qaysariya tumanida qurilgan. Masjiddagi bitik lavhasida namozxonlardan hokim uchun duo qilish soʻraladi. Ali badavlat oiladan boʻlib, uning otasi Jamoliddin shaharning boy savdogarlaridan biri edi. Masjid ilgari bir necha bor keng koʻlamda taʼmirlangan boʻlib, natijada uning faqat minorasi asl holatini saqlab qolgan. 2019-yilda hukumat masjidni yana bir bor taʼmirlagan.

Tavsifi Masjid kvadrat shaklda. Uning asosiy kirish qismi gʻishtdan qurilgan boʻlib, masjidning shimoliy tomonida joylashgan. Kirish eshigi tepasida xattotlik naqshlari hamda nozik tarzda yoʻnilgan yogʻochdan yasalgan derazalar joylashgan. Masjidning qolgan uch fasadida devorlarning yuqori qismida yoʻnilgan yogʻochdan yasalgan koʻplab derazalar mavjud boʻlib, ularning ostida ham boshqa deraza va tuynuklar joylashgan.

Namozxona boʻyalgan yogʻoch shiftni koʻtarib turuvchi ikki qator qizil granit ustunlar bilan ajratilgan. Unda Usmoniylar davriga oid koshinlar bilan bezatilgan mehrob hamda yogʻoch minbar mavjud. Masjidning uch qavatli qizil gʻishtdan qurilgan minorasining asosi kvadrat shaklda boʻlib, tepasiga yogʻoch nayza va jez yarim oy oʻrnatilgan.

Galereya

Manbalar

Turkum:Misrdagi 19-asr masjidlari Turkum:Misrdagi minorali masjidlar Turkum:Misrdagi Usmoniylar masjidlari