Tepki virusi (TV) — tepki kasalligini qoʻzgʻatuvchi virus. Tepki virusi ribonuklein kislotadan (RNK) iborat, bir zanjirli, manfiy qutblangan genomga ega. Uning genomi uzunligi taxminan 15 000 nukleotidni tashkil etib, toʻqqizta oqsilni kodlaydigan yettita genni oʻz ichiga oladi. Genom kapsid bilan, kapsid esa oʻz navbatida virus qobigʻi bilan oʻralgan. Virionlar deb ataladigan Tepki virusi zarrachalari pleomorf shaklda boʻlib, diametri 100 dan 600 nanometrgacha oʻzgaradi. Bugungi kunda geografik tarqalishi bilan farqlanuvchi bitta serotip va 12 ta genotip aniqlangan. Odam tepki virusining yagona tabiiy tashuvchisi hisoblanadi.
Tepki virusi dastlab hujayra yuzasiga birikish orqali koʻpayadi. Bu jarayonda uning qobigʻi mezbon hujayra membranasi bilan qoʻshilib, kapsidni hujayra ichiga chiqaradi. Hujayraga kirgach, virusning RNKga bogʻliq RNK-polimerazasi genomdan informatsion RNKni (iRNK) transkripsiya qiladi va soʻngra genomni replikatsiya qiladi. Virus oqsillari translyatsiyasidan keyin virionlar hujayra membranasi yaqinida shakllanadi. Soʻngra ular hujayra membranasidan qobiq sifatida foydalanib, hujayra yuzasidan kurtaklanish yoʻli bilan uni tark etadi.
Tepki virusi ilk bor 1934-yilda tepki kasalligining qoʻzgʻatuvchisi sifatida aniqlangan, 1945-yilda esa birinchi marta ajratib olingan. Virus ajratib olinganidan bir necha yil oʻtib, Tepki virusi infeksiyasidan himoya qiluvchi vaksinalar ishlab chiqilgan. Tepki virusi ilk marta 1971-yilda alohida tur sifatida qayd etilgan va unga Orthorubulavirus parotitidis ilmiy nomi berilgan. U Paramyxoviridae oilasi, Rubulavirinae kenja oilasining Orthorubulavirus turkumiga mansubdir.
Xilma-xillik Tepki virusining bitta serotipi va oʻn ikkita genotipi mavjud. Genotiplarni F, SH va HN genlari asosida farqlash mumkin. SH geni MuV genlari orasida eng yuqori oʻzgaruvchanlikka ega boʻlib, genotiplar oʻrtasidagi farq 5% dan 21% gachani tashkil etadi. Genotiplar A dan N gacha nomlanadi, bunda E va M istisno qilinadi, yaʼni, A, B, C, D, F, G, H, I, J, K, L va N. Ilgari E va M genotiplari alohida tan olingan boʻlsa-da, keyinchalik bekor qilingan. Bunga filogenetik tahlil natijasida ushbu genotiplarga mansub deb hisoblangan MuVlar aslida mos ravishda C va K genotiplariga tegishli ekani aniqlangani sabab boʻlgan.
Turli genotiplarning tarqalish darajasi mintaqaga qarab farqlanadi. Masalan, C, D, H va J genotiplari Gʻarbiy yarimsharda koʻproq uchrasa, F, G va I genotiplari Osiyoda keng tarqalgan, biroq G genotipi global genotip hisoblanadi. A va B genotiplari esa 1990-yillardan beri yovvoyi tabiatda kuzatilmagan. Virusning faqat bitta serotipi mavjud boʻlgani uchun MuVning bu xilma-xilligi antitana reaksiyasida aks etmaydi. Shu sababli bir genotipga qarshi hosil boʻlgan antitanalar barcha genotiplarga nisbatan ham samarali taʼsir koʻrsatadi.
Kasallik Tepki kasalligini qoʻzgʻatuvchi virusning yagona tabiiy tashuvchisi inson hisoblanadi. Kasallik aerozol tomchilari va soʻlak kabi nafas yoʻllari sekretsiyalari bilan aloqa qilish orqali yuqadi. Infeksiya isitma, mushaklarda ogʻriq va ogʻizning ikki yonida, quloqlar oldida joylashgan ikkita soʻlak bezi — quloq oldi bezlarining ogʻriqli shishishiga olib keladi. Shuningdek, infeksiya boshqa koʻplab toʻqima va aʼzolarni ham zararlashi mumkin, natijada ensefalit, aseptik meningit, orxit, miokardit, pankreatit, nefrit, oforit va mastit kabi turli yalligʻlanish reaksiyalari yuzaga keladi. Odatda, tepki hayot uchun xavf tugʻdirmaydi va alomatlar boshlanganidan soʻng bir necha hafta ichida oʻtib ketadi, biroq falajlik, tutqanoqlar, gidrosefaliya va karlik kabi uzoq muddatli asoratlari ham kuzatilishi mumkin. Davolash asosan qoʻllab-quvvatlovchi xarakterga ega boʻlib, infeksiya oldini emlash orqali olish mumkin.
Manbalar
Turkum:Rubulaviruslar