Kristaq Dhamo (1933-yil 20-aprel — 2022-yil 14-avgust) — albaniyalik kinorejissyor. 1979-yilda „Xizmat koʻrsatgan artist“ unvoni, 1987-yilda Albaniya xalq artisti medali bilan taqdirlangan. 2000-yilda boʻlib oʻtgan 11-Albaniya kino festivalida u kinematografiyaga qoʻshgan uzoq yillik hissasi uchun Karyera mukofotiga sazovor boʻldi. Uning mashhur iqtiboslaridan biri shunday edi: „Kino sanoatiga ega jamiyat — rivojlana oladigan jamiyatdir“. („Një shoqëri me industri filmi, është një shoqëri që mund të zhvillohet“).
U Vengriyaning Budapesht shahridagi Oliy kinematografiya institutini tamomlagan. Oʻqishni tamomlagach, u „Shqipëria e Re“ kinostudiyasida faoliyatini boshlagan. U 25 yoshida suratga olgan ilk filmi Tana Albaniyaning ilk toʻliq metrajli badiiy filmi sifatida eʼtirof etilgan. Film Shqipëria Film Studios (keyinchalik Kinostudio „Shqipëria e Re“ deb nomlangan) tomonidan suratga olingan boʻlib, 1958-yil 17-avgustda ilk bor namoyish etilgan. U koʻp yillar davomida kinostudiyada badiiy rahbar lavozimida faoliyat yuritgan. Kristaq Dhamo kino sanʼati boʻyicha tirik ensiklopediya sifatida eʼtirof etilgan. U Albaniya badiiy va hujjatli filmlarining koʻplab rejissyorlari hamda ssenariynavislariga ustozlik qilgan. U yosh kinematografiya talabalarini tayyorlashga beqiyos hissa qoʻshgan. Bir qator kasbiy kurslarni tashkil etish orqali oʻzining kino sohasidagi chuqur bilim va koʻp yillik tajribasini yosh hamkasblari bilan baham koʻrgan. Uning tashabbusi bilan 1984-yil sentyabrda Oliy sanʼat instituti (hozirgi Sanʼat universiteti) qoshida ssenariynavislar hamda badiiy va hujjatli filmlar rejissyorlari uchun bir yillik kurs ilk bor ochildi https://gazetadita.al/per-artistin-dhe-njeriun-kristaq-dhamo/.
Uning 1958-yilgi „Tana“ filmi 1-Moskva xalqaro kinofestivali dasturiga kiritilgan. Tana filmining qishloq ijtimoiy hayotiga bagʻishlangan ssenariysi Fatmir Gjata tomonidan yozilgan boʻlib, u muallifning shu nomdagi romani asosida yaratilgan. Film voqealari 1950-yillarda sodir boʻladi. Film markazida ilgʻor qarashlarga ega, aqlli qiz — Tana obrazi turadi. U kambagʻal togʻ qishlogʻida yashovchi Stefanni sevadi. Biroq Tana bobosining eskicha dunyoqarashi hamda Lefterning rashki tufayli yuzaga kelgan toʻsiqlarga duch keladi. Film sevgi va taraqqiyot gʻoyalari uygʻunlashgan voqeani tasvirlaydi. Shuningdek, ushbu filmda Albaniya kinosi tarixidagi ilk oʻpish sahnasi namoyish etilgan.
Kristaq Dhamo Albaniya kinematografiyasining rivojlanishida muhim rol oʻynagan ijodkorlardan biri boʻlgan. U nafaqat rejissyor, balki ssenariynavis sifatida ham faoliyat yuritgan. 1959-yilda Juri Ozerov bilan birgalikda „Furtuna“ filmini suratga olgan va film ssenariysini ham yozgan. Mazkur film Albaniya va Sovet Ittifoqining qoʻshma loyihasi boʻlib, uning suratga olish ishlari Albaniya va Sovet Ittifoqida olib borilgan.
Dhamo keyingi faoliyati davomida yosh rejissyor va ssenariynavislarni tayyorlashga ham katta eʼtibor bergan. 1984-yil sentyabr oyida uning tashabbusi bilan Oliy sanʼat instituti qoshida badiiy va hujjatli filmlar ssenariynavislari hamda rejissyorlari uchun bir yillik kurs tashkil etilgan. Kurs dasturida ssenariy nazariyasi, kino nazariyasi, hujjatli kino, jahon va Albaniya kinematografiyasi tarixi kabi fanlar oʻqitilgan. Dhamo, shuningdek, Kinostudiyaning Badiiy kengashi faoliyatida ham qatnashgan va yosh kino ijodkorlariga oʻzining koʻp yillik tajribasini yetkazgan.
Vafoti Kristaq Dhamo 2022-yil 14-avgustda 89 yoshida vafot etgan. Undan turmush oʻrtogʻi — arxeolog Dhorka Dhamo hamda ikki nafar qizi qolgan.
Filmografiyasi
Rejissyor sifatida
Kristaq Dhamo kommunistik tuzum davrida koʻplab filmlarga rejissyorlik qilgan. Ularning ayrimlari quyidagilar:
Botë e padukshme (1987) Vendimi (1984) Qortimet e vjeshtës (1982) Nga mesi i errësirës (1978) Brazdat (1973) Mëngjeze lufte (1971) Gjurma (1970) Miqësi revolucionare (1967) Ata nuk vdesin (1966) Vitet e para (1965) Detyrë e posaçme (1963) Ansambli i këngëve dhe valleve (1960) Fortuna (1959) Ne u dashuruam me Shqipërinë (1959) Tana (1958)
Ssenariylari
Kristaq Dhamo oʻzi rejissyorlik qilgan ayrim filmlarning ssenariy muallifi ham boʻlgan:
Botë e padukshme (1987) Qortimet e vjeshtës (1982) Nga mesi i errësirës (1978) Vitet e para (1965) Ansambli i këngëve dhe valleve (1960) Tana (1958) — Albaniyaning ilk toʻliq metrajli badiiy filmi
Manbalar