Psixodelik terapiya (yoki psixodelik vositalar yordamida olib boriladigan terapiya) — ruhiy salomatlik bilan bogʻliq kasalliklarni davolashda psixodelik dorilardan foydalanishga asoslangan davolash usuli. Ruhiy buzilishlarni davolash va insonning umumiy salomatligi yaxshilash maqsadida meskalin (peyot kaktusidan olinadi), LSD, psilotsibin va psilotsin (ayrim qoʻziqorinlar tarkibida uchraydi), ayahuaska, DMT, 5-MeO-DMT, ibogain hamda MDMA kabi moddalarni qoʻllash taklif etilgan. 2021-yil holatiga koʻra, psixodelik moddalar aksariyat mamlakatlarda nazorat qilinadigan moddalar hisoblanadi. Shu sababli, ayrim istisnolardan tashqari, psixodelik terapiya faqat klinik sinovlar doirasida qoʻllaniladi hamda odatiy tibbiy amaliyotda qonuniy ravishda mavjud emas.
Psixodelik terapiyani oʻtkazish tartibi anʼanaviy psixiatrik dori vositalari bilan davolash usullaridan farq qiladi. Anʼanaviy psixiatrik dorilar odatda bemor tomonidan har kuni kamida bir marta va koʻpincha shifokor nazoratisiz qabul qilinadi. Zamonaviy psixodelik terapiyada esa psixodelik modda terapevtik muhitda bir seans davomida, ayrim hollarda esa uch seansgacha qoʻllaniladi. Terapiyadan oldin mutaxassislar bemorni psixodelik tajribaga tayyorlaydi, terapiyadan keyin esa olingan kechinmalar va xulosalarni kundalik hayot bilan bogʻlashga yordam beradi. Psixodelik modda qabul qilingandan soʻng bemor odatda koʻz bogʻichi taqadi va musiqa tinglaydi. Terapevtik guruh odatda jarayonga aralashmaydi, biroq xavotir, gangish (dezorientatsiya) kabi boshqa nojoʻya holatlar yuzaga kelganda bemorni tinchlantirish va qoʻllab-quvvatlash uchun yordam koʻrsatadi.
2022-yil holatiga koʻra, psixodelik terapiyaga oid yuqori sifatli ilmiy dalillar nisbatan kam boʻlib, uning turli usullari va qoʻllanish sohalarining samaradorligi hamda xavfsizligini ishonchli baholash uchun yanada koʻproq va keng koʻlamli tadqiqotlar oʻtkazilishi zarur. Dastlabki ijobiy natijalarga asoslanib, hozirda olib borilayotgan tadqiqotlarda katta depressiv buzilish, davolab boʻlmaydigan kasalliklar bilan bogʻliq xavotir va depressiya, hamda jarohatdan keyingi stress buzilishi kabi holatlarni davolash uchun taklif etilayotgan psixodelik terapiya usullari oʻrganilmoqda. Amerika Qoʻshma Shtatlari Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi psilotsibin (davolashga chidamli depressiya va katta depressiv buzilish uchun) hamda MDMA (posttravmatik stress buzilishi uchun) yordamida oʻtkaziladigan psixodelik terapiyalarga „Rivojlantiruvchi terapiya“ maqomini berdi. Bu maqom istiqbolli dori vositalarining tasdiqlanish jarayonini tezlashtiradi.
Tarixi
Psixodelik moddalarning ibtidoiy davrda qoʻllanilishi Insonlar qadim zamonlardan buyon kaktuslar, urugʻlar, daraxt poʻstlogʻi, ildizlar hamda turli oʻsimlik va zamburugʻlardan olinadigan psixodelik moddalarni isteʼmol qilib kelgan. Qadimdan shamanlar va tabiblar psixodelik moddalardan ruhlar olami bilan aloqa oʻrnatish vositasi sifatida foydalangan. Gʻarb madaniyatida shamanlar va tabiblarning bunday amaliyoti asosan diniy yoki maʼnaviy marosim sifatida talqin qilinsa-da, koʻplab xalqlarning enteogen va shamanistik marosimlari tarkibida psixoterapiyaga xos ayrim elementlarni ham uchratish mumkin.
Qoʻllash mumkin boʻlmagan holatlar Psixodelik terapiya quyidagi holatlarga ega boʻlgan shaxslar uchun tavsiya etilmaydi:
homiladorlik davrida; epilepsiya yoki boshqa tutqanoq kasalliklari mavjud boʻlsa; ogʻir yurak-qon tomir kasalliklari, jumladan nazorat qilinmaydigan arterial qon bosimi, yurak yetishmovchiligi, yurak ishemik kasalligi yoki ilgari infarkt yoki insultni boshdan oʻtkazganlar; SSRI yoki MAO-I guruhiga mansub antidepressant dori vositalarini qabul qilayotganlar;
shaxsning oʻzida yoki yaqin qarindoshlarida shizofreniya, shizoaffektiv buzilish, I tip bipolyar buzilish kabi birlamchi psixotik yoki affektiv buzilishlar, shuningdek depressiya bilan bogʻliq psixotik alomatlar kuzatilgan boʻlsa.
Tanqidlar va bahs-munozaralar Psixodelik terapiya depressiya, travmadan keyingi stress buzilishi (PTSB) va moddalarga qaramlik kabi qator ruhiy salomatlik bilan bogʻliq kasalliklarni davolashda istiqbolli natijalarni koʻrsatgan boʻlsa-da, u axloqiy, madaniy va ilmiy jihatlardan keng bahs-munozaralarga sabab boʻlgan. Tanqidchilar psixodelik moddalarni barcha muammolar uchun universal yoki inqilobiy yechim sifatida talqin qilishga ehtiyotkorlik bilan yondashish lozimligini taʼkidlaydi. Ularning fikricha, bunday yondashuv klinik tadqiqotlar dalillarining cheklanganligi, uzoq muddatli xavfsizlik boʻyicha maʼlumotlarning yetarli emasligi hamda davolash imkoniyatlaridan teng foydalanish bilan bogʻliq muammolarni eʼtibordan chetda qoldirishi mumkin.
Jamoatchilik qiziqishi XXI asrda psixodelik moddalar yordamidagi terapiyaga jamoatchilik qiziqishining qayta ortishiga, qisman, The New Yorker, The New York Times va The Wall Street Journal nashrlarida eʼlon qilingan maqolalar turtki boʻldi.
Manbalar
Havolalar Psychedelic Therapy: A Revolutionary Approach to Restoring Your Mental Health and Reclaiming Your Life History of LSD Therapy (Ch. 1 of Grof’s, LSD Psychotherapy) Reimbursement Pathways for Psychedelic Therapies in Europe Magnetar Access & Blossom The Second International Conference on the Use of LSD in Psychotherapy and Alcoholism (1967) (entire book)
Turkum:Muqobil davolash usullari Turkum:Psixiatriya tarixi Turkum:Psixiatrik tadqiqotlar