Malik Ahmad Ayoz ibn Aymaq Abunajm (; 1041-yilda vafot etgan) — gruziyalik qul, sulton Mahmud Gʻaznaviy qoʻshinida zobit va sarkarda darajasiga koʻtarilgan. Soʻngra Lohur hokimi lavozimiga tayinlanib, shaharning ilk musulmon noibi boʻlgan. Malik Ayozning Mahmudga sodiq sarkarda sifatidagi faoliyati koʻplab sheʼr va hikoyalarga ilhom manbai boʻlib xizmat qilgan hamda Mahmud Gʻaznaviyga qatʼiy sadoqati tufayli musulmon tarixchilari va soʻfiylar tomonidan eslab oʻtilgan. Malik Ayoz 1041-yil oʻz yotogʻida oʻlik holda topilgan boʻlib, oʻlim sababi qasddan suiqasd boʻlishi mumkinligi haqida gumonlar mavjud.

Hayoti va feodallik faoliyati 1021-yilda Sulton Mahmud Gʻaznaviy Ayozni hukmdorlik martabasiga koʻtarib, uzoq davom etgan qamal va shiddatli janglardan soʻng egallab, yondirib yuborilgan hamda aholisi tarqalib ketgan Lohur shahri taxtini unga topshirdi. Lohurning ilk musulmon hokimi boʻlgan Ayoz shaharni qayta tiklab, yana aholi bilan toʻldirdi. Shuningdek, koʻplab muhim inshootlarni bunyod etdi. Jumladan, 1037—1040-yillar oraligʻida janglar paytida vayron boʻlgan eski qal’a oʻrnida toshdan mustahkam qal’a qurdirdi hamda shahar darvozalarini barpo ettirdi. Bu haqda „Xulasatut tavorix“ (1596) asari muallifi Munshiy Sujan Ray Bxandoriy ham maʼlumot bergan. Hozirgi Lohur qalʼasi aynan oʻsha joyda joylashgan. Hukmronligi davrida shahar sheʼriyat bilan mashhur boʻlgan madaniy va ilmiy markazga aylangan.

Malik Ayozning maqbarasi hozir ham Lohurning Rang Mahal hududida saqlanib qolgan. Maqbara va uning bogʻi sikxlar Lohurni boshqargan davrda vayron qilingan, keyinchalik esa Hindistonning boʻlinishidan soʻng maqbara qayta tiklangan.

Mahmud Gʻaznaviy bilan munosabatlari thumb|250px|right|Gʻazna sultoni Mahmud oldida tiz choʻkkan Ayoz, Farididdin Attorning „Olti doston“ asaridan, Janubiy Eron, 1472-yil, Britaniya kutubxonasi, London.

Mahmud va Ayoz oʻrtasidagi munosabatlarning qanday xarakterga ega boʻlganligi bahsli masala hisoblanadi. Bir necha asrlardan keyin, ayniqsa, fors sheʼriyatida yozilgan ayrim manbalarda bu ikki shaxs oʻzaro oshiq boʻlganligi taʼkidlanadi. Biroq Gʻaznaviylar davriga mansub zamondosh mualliflar Abu Rayhon Beruniy, Gardiziy, Farruxiy hamda Bayhaqiy Mahmud va Ayoz oʻrtasida ishqiy munosabat boʻlganini umuman tilga olmaydilar. Aksincha, ular Ayozni sarkarda, zodagon yoki Sulton Mahmudning yaqin hamkori sifatida tasvirlaydilar. Mahmudning vafotidan taxminan bir asr oʻtgach, Nizomiy Aruziy oʻzining „Chahor maqola“ asarida Mahmud va Ayoz munosabatlari haqida muqobil rivoyatni keltiradi. Bu talqinda ular oshiq sifatida tasvirlanmaydi, biroq Mahmudning Ayozga muhabbat qoʻygani aytiladi. Aruziy voqeani badiiylashtirilgan tarzda bayon qilib, Mahmud taqvodorligi sababli oʻz his-tuygʻularini jilovlagani va ularga boʻysunishdan bosh tortganini hikoya qiladi. Rivoyat avjida Mahmud Ayozga sochini oldirishni buyuradi, chunki shu yoʻl bilan uni kamroq jozibador koʻrib, gunoh sodir etish vasvasasiga qarshi turishni osonlashtirmoqchi boʻladi.

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:11-asr musulmonlari Turkum:11-asr sarkardalari Turkum:Lohur tarixi Turkum:Sobiq qullar Turkum:Gruzinlarga mansub eroniylar Turkum:Eroniy qullar Turkum:1041-yilda vafot etganlar Turkum:11-asr qullari