Salma Ummu al-Xayr binti Saxar () — soʻnggi paygʻambar Muhammadning izdoshi va sahobasi, birinchi Roshidun xalifasi Abu Bakr Siddiqning onasi.

Hayoti U Saxar ibn Amir ibn Kaʼb ibn Saʼd ibn Taymning () qizi boʻlib, Qurayshning Banu Taym urugʻidan boʻlgan. Salmaning turmush oʻrtogʻi Usmon ibn Amir (keyinchalik Abu Quhofa nomi bilan tanilgan) ham ayni shu qabilaga mansub edi. Kunyasi Ummu al-Xayr („ezgu ishlar onasi“) boʻlgan.

Salma Banu Taym urugʻidan boʻlgan Abu Quhofaga turmushga chiqqan va bir necha oʻgʻil farzand koʻrgan. Biroq bolalarining hammasi goʻdakligidayoq nobud boʻlgan. 573-yilda u Abu Bakrni dunyoga keltirgan. Salma uni Kaʼbaga olib borib, butlarga shunday duo qilgan: „Agar unga oʻlimdan omonlik berilgan boʻlsa, unda uni menga inʼom et!“ Shu sababli Abu Bakr Atiq yaʼni „ozod qilingan“ nomi bilan tanilgan. Undan keyin ham omon qolgan ukalariga esa shu nomga aloqador Mu’taq va Utayq ismlari berilgan.

Salma islom dinini erta qabul qilganlardan edi. U Muhammad paygʻambar bilan uchrashish uchun „Arqamning uyiga olib kelinganlar“ orasida boʻlgan, yaʼni bu voqea 614-yildan keyin, hijratdan oldin sodir boʻlgan.

Ummu al-Xayr oʻgʻli Abu Bakr xalifaligi davrida 632—634-yillar oraligʻida vafot etgan.

Merosi Sunniylar uni Abu Bakrga nisbatan Ummu al-Xayr () yaʼni „Ezgu ishlar onasi“ deya ulugʻlaydi. Sunniylikda Abu Bakr paygʻambar Muhammadning ilk sahobalari orasida jannat bashorati berilgan oʻn kishidan biri sifatida eʼzozlanadi.

Shajarasi

Manbalar

Havolalar Anwary-Islam.com

Turkum:Ayol sahobalar Turkum:VI asr arab xalqi Turkum:VII asr arab xalqi Turkum:Banu Taym