Irina „Iru“ Khechanovi (; 2000-yil 3-dekabrda tugʻilgan) — Iru nomi bilan tanilgan gruziyalik qoʻshiqchi va qoʻshiqnavis. U „Candy“ qizlar guruhi aʼzosi sifatida „Candy Music“ qoʻshigʻi bilan „Yoshlar oʻrtasidagi Eurovision — 2011“ qoʻshiq tanlovida gʻolib chiqqan. Iru 2023-yilda „The Voice Georgia“ loyihasining beshinchi mavsumida gʻalaba qozongan hamda keyinchalik Gruziya vakili sifatida „Eurovision — 2023“ qoʻshiq tanlovida ishtirok etgan.
Bigorafiyasi
Irina Khechanovi 2000-yil 3-dekabrda Tbilisi shahrida tugʻilgan. U arman millatiga mansub. Bolalik davrida turli musiqaga aloqador tanlovlarida qatnashgan. 2011-yilda, oʻzining oʻn bir yoshga toʻlgan kunida, „Candy“ qizlar guruhi tarkibida Armanistonning Yerevan shahrida oʻtkazilgan „Yoshlar oʻrtasidagi Eurovision — 2011“ qoʻshiq tanlovida Gruziya vakili sifatida ishtirok etgan. Guruh 108 ball bilan tanlov gʻolibiga aylangan.
2019-yilda Khechanovi „Georgian Idol“ loyihasida qatnashgan. 2021-yilda esa u oʻzining ilk yakkaxon „No Jerk Around Me“ singlini chiqargan.
2022-yilda Khechanovi avvalgi mavsum gʻoliblari bilan birgalikda „Yoshlar oʻrtasidagi Eurovision — 2022“ qoʻshiq tanlovida popuri ijro etish uchun sahnaga chiqqan. Shuningdek, u Mariam Bigvava tomonidan ijro etilgan hamda Gruziya vakili sifatida qatnashgan „I Believe“ qoʻshigʻining hammualliflaridan biri boʻlgan. Mazkur ishtirok uchinchi oʻrinni egallagan.
Oʻsha yilning oʻzida Khechanovi „The Voice Georgia“ loyihasining beshinchi mavsumida qatnashgan. U 2023-yil 2-fevralda tanlov gʻolibiga aylangan hamda shu orqali Gruziya vakili sifatida „Eurovision — 2023“ qoʻshiq tanlovida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritgan. Uning „Echo“ nomli qoʻshigʻi 2023-yil 16-martda chiqarilgan. Khechanovi 2023-yil 11-may kuni ikkinchi yarim finalda sahnaga chiqqan, biroq 12-oʻrinni egallab, grand final bosqichiga yoʻllanma ololmagan.
2025-yil dekabr oyida Khechanovi „Candy“ guruhi aʼzolari bilan birgalikda „Yoshlar oʻrtasidagi Eurovision — 2025“ qoʻshiq tanlovining tanaffus dasturida chiqish qilgan. Ular „Code“ nomli qoʻshiqni ijro etgan.
Manbalar
Turkum:Yoshlar oʻrtasidagi Eurovision qoʻshiq tanlovi gʻoliblari Turkum:Gruziyalik ayol qoʻshiqchilar Turkum:Tbilisida tugʻilganlar