Selahattin Demirtaş (1973-yil 10-aprelda tugʻilgan) — kurd siyosatchisi, yurist va yozuvchi. U 2014-yildan 2018-yilgacha chap qanotdagi, kurdlar tarafdori boʻlgan Xalqlar demokratik partiyasi (HDP)ning hamraisi sifatida Figen Yüksekdağ bilan birga faoliyat yuritgan. Selahattin Demirtaş 2023-yil may oyidagi saylovlardan soʻng siyosatdan ketganini eʼlon qildi.
Demirtaş HDPning 2014-yilgi prezident saylovidagi nomzodi boʻlib, unda uchinchi oʻrinni egallagan. U HDPni 2015-yil iyun parlament saylovlarida 13,1% va 2015-yil noyabrdagi muddatidan oldingi saylovlarda 10,7% ovoz toʻplash darajasiga olib chiqqan, har ikkala saylovda ham toʻrtinchi oʻrinni egallagan. U 2016-yil 4-noyabrdan beri qamoqda va shunga qaramay, HDP Demirtaşni 2018-yilgi prezident saylovida oʻz nomzodi sifatida koʻrsatdi; u saylov kampaniyasini qamoqdan olib bordi.
2020-yil dekabrida chiqargan hukmida Inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudi Demirtaşning „uzluksiz hibsda ushlab turilishi vaqti (muhim konstitutsiyaviy referendum va prezident saylovi bilan bir vaqtda boʻlgani)“ hamda Turkiyada „muholif ovozlarni „boʻgʻishning“ tizimli tendensiyasi“ni inobatga olib, Demirtaşni sudgacha boʻlgan davrda davomli hibsda ushlab turishning siyosiy maqsadi katta boʻlganini taʼkidladi.
Yoshligi Selahattin Demirtaş 1973-yil 10-aprelda Palu, Elazığda zaza oilasida tugʻilgan va boshlangʻich hamda oʻrta taʼlimni shu yerda tamomlagan. 1991-yildan u Dokuz Eylül universitetida dengiz savdosi va boshqaruvi boʻyicha tahsil oldi, bu yerda u diplomni olmasdan oʻqishni tashlashga majbur qilgan siyosiy muammolarga duch keldi. U Diyarbakirga qaytib, 1993-yilda universitetga kirish imtihonini qayta topshirdi va shundan soʻng Anqara universiteti yuridik fakultetiga oʻqishga kirdi.
Professional faoliyati Oʻqishni tugatgach, Demirtaş bir muddat erkin (mustaqil) yurist sifatida ishladi. 2000-yilda u Diyarbakir boʻlimidagi Inson huquqlari assotsiatsiyasi (İHD) ijroiya qoʻmitasi aʼzosi boʻldi. Oʻsha paytda İHD raisi keyinchalik mahalliy saylovlarda Diyorbakir meri etib saylangan Osman Baydemir edi. 2004-yilda Demirtaş Diyarbakir İHD raisi sifatida uning oʻrnini egalladi. Uning raislik davrida assotsiatsiya Turkiyadagi siyosiy sabab yechilmayotgan qotilliklarning koʻpayishi masalasiga jiddiy eʼtibor qaratdi.
Siyosiy faoliyati
Selahattin Demirtaş oʻzining siyosiy faoliyati boshlanishini siyosatchi va inson huquqlari boʻyicha yurist Vedat Aydın (1953–1991)ning dafn marosimidagi tajribasi bilan bogʻlaydi: "Men boshqa odamga aylandim. Hayotimning yoʻnalishi oʻzgardi … voqealar ortidagi sabablarni toʻliq tushunmasam ham, endi bilar edim: biz kurdlarmiz va bu unutib yuboriladigan shaxsiyat emas edi, demak bu mening muammoyim ham edi."
Xalqaro kuzatuvchilar tomonidan koʻpincha „kurd Obama“si deb atalgan Demirtaş oʻzining siyosiy faoliyatini 2007-yilda Demokratik jamiyat partiyasi (DTP) aʼzosi sifatida boshladi. Oʻsha paytda u DTP va Turkiyadagi bir necha boshqa demokratik tashkilotlarning Ming umid nomzodlaridan biri sifatida saylovlarda qatnashdi. U 23-chaqiriq parlamentga saylandi va 34 yoshida partiyaning parlamentdagi bosh vakili boʻldi. Shu lavozimda u kurd tilida taʼlim olishga qoʻyilgan cheklovlarni bekor qilishni qoʻllab-quvvatladi va turklar hamda kurdlar uchun Turkiya konstitutsiyasida teng huquqlar talab qildi. 2007-yil oktyabrida Bolu Ekspress gazetasida chiqgan maqolada DTP siyosatchilarini Kurdiston ishchi partiyasi (PKK) sabab boʻlgan oʻlimlar uchun oʻldirishga chaqirilganidan soʻng Selahattin Demirtaş sudga shikoyat qildi, biroq sud 2008-yilda bu fikrni „fikr erkinligi“ doirasida deb topdi. Shundan soʻng Demirtaş 2 va 13-moddalarining buzilishi boʻyicha Inson huquqlari boʻyicha Yevropa konvensiyasiga zid ravishda hukm chiqarilganini taʼkidlab, Yevropa sudiga murojaat qildi, ammo 2015-yilda sud Turkiya foydasiga qaror chiqardi.
DTP 2009-yilda yopildi. Bosh sud Demirtaşning PKK bilan aloqadorlikda ayblanishi yuzasidan partiyani taqiqladi va DTP deputatlari Tinchlik va demokratiya partiyasiga (BDP) oʻtdi. BDP 2010-yilda oʻzining ilk qurultoyini oʻtkazdi va Selahattin Demirtaş hamda Gyultan Kışanakni yangi hamraislar etib sayladi. Demirtaş 2011-yilgi saylovlarda BDP va 18 ta turli demokratik siyosiy tashkilotlar qoʻllab-quvvatlagan Mehnat, demokratiya va erkinlik qoʻshma roʻyxati tarkibida bu safar Hakkaridan nomzod boʻlib qatnashdi. U yana mustaqil nomzod sifatida parlamentga saylandi.
Qiziltepa tumani (Mardin)da 2012-yil noyabrida oʻtkazilgan mitingda Selahattin Demirtaş turk politsiyasini namoyishchilarning Abdulla Ojalon tasvirlari tushirilgan plakatlarini koʻtarishiga aralashgani uchun tanqid qilib, quyidagilarni aytdi: „Sizlarga murojaat qilaman: kurdlarga qotil boʻlgan Evren haykalining oʻrnatilishidan yoki maktablarga Evren nomi berilishidan bezovta boʻlmaydiganlarga. Agar ular (kurdlar) Kurdistonda Ojalonning suratini ilolmasa, uni qayerga iladi? Biz bundan ham nariga oʻtib, uning haykalini oʻrnatamiz.“
2019-yilda Demirtaş sudda bergan javobida oʻz bayonotini himoya qilib, oʻsha paytda plakatlarga qarshi zirhli mashinalar va rezina tayoqlar bilan javob berilganiga eʼtiroz bildirganini, oʻzi esa Ojalon haykali oʻrnatilishiga qarshi ekanini taʼkidladi.
Manbalar
Adabiyotlar
Havolalar
Turkum:Turkiyalik siyosatchilar Turkum:Kurd siyosatchilar Turkum:Inson huquqlari faollari Turkum:Alifbo boʻyicha siyosatchilar