Al-Muaddal ibn Ali ibn al-Lays – 911-yilning bir qismida Safforiylar sulolasining Zarangda hukmronlik qilgan vakili.

890-yilda al-Muaddal va uning akasi al-Lays otalari Alini Safforiy amir Amr ibn Lays as-Saffor qamoqqa olganidan soʻng uni ozod etishga yordam berdilar. Uchovlon Xurosonga qochib, u yerda Rofe ibn Harsama xizmatiga kirdilar. Ali 893-yilda vafot etgach, aka-ukalar Rofe xizmatida qoldilar. 896-yilda ular Amr tomonidan qoʻlga olindi. Biroq Amr ularga yaxshi munosabatda boʻldi.

908-yil oxirlarida al-Lays Amrning oʻgʻli va vorisi Tohirga qarshi hokimiyat daʼvosida Zarangning bir qismini egalladi. Tohir garovga olgan al-Mu’addal 909-yil boshida Tohir al-Laysni shahardan siqib chiqara olmagach, uni kurashdan voz kechishga undash maqsadida ozod qilindi. Biroq al-Lays oʻz mavqeini saqlab qolib, Tohir oxir-oqibat chekinishga majbur boʻldi.

Endilikda al-Lays amir boʻlgan edi. Biroq unga qarshilar koʻp edi. Sharqda Tohirning tarafdorlari Zobulistonda tartibsizliklar keltirib chiqargan boʻlsa, gʻarbda turk sarkardasi Sebük-eri Safforiylardan yuz oʻgirib, Abbosiy xalifaga sodiqligini bildirgan edi. Buning natijasida Fors va Kirmon boy berildi. Al-Mu’addal Zobulistonda tartibni tiklash uchun yuborildi va u yerda Sebük-erining Gʻolib ismli ukasini qoʻlga oldi. Soʻngra Gʻaznaga yurish qilib, mahalliy yetakchini oʻldirdi. Biroq tez orada kuchli qarshilikka duch kelgach, al-Lays qoʻshimcha kuch yuborishga majbur boʻldi. Shunga qaramay, 909-yil oxirlarida al-Mu’addal Seyistonga qaytdi va sharqiy viloyatlarda al-Lays hokimiyatini oʻrnatishga muvaffaq boʻldi.

910-yilda al-Mu’addal al-Laysning Sebük-eriga qarshi yurishida ishtirok etdi. Ular Forsga kirgach, al-Muaddalga Xuziston yoʻlini egallash vazifasi topshirildi. Biroq oradan koʻp oʻtmay Sebük-eri al-Laysni magʻlub etib, uni asir oldi. Al-Mu’addal esa Kirmonga qochishga majbur boʻldi va u yerda mahalliy xazina ustidan nazoratni qoʻlga olib, soʻng Seyistonga yoʻl oldi. Ayni paytda Zarangda al-Laysning qulashi haqidagi xabar tarqalib, aholi uning boshqa ukasi Muhammadni amir deb eʼlon qildi. Hokimiyatini mustahkamlash maqsadida Muhammad al-Mu’addalni qamoqqa tashladi.

Keyinchalik Muhammad shimolda Somoniylarga qarshi yurish boshladi. Muvaffaqiyatsizlikka uchrab, yurishni toʻxtatishga majbur boʻlgach, maslahatchilari Muhammadga al-Mu’addalning yordami zarurligini uqtirdilar va shu bois uni ozod qildi. Biroq al-Mu’addal Zarangni egallab olib, Muhammadni Bustga chekinishga majbur qildi.

Koʻp oʻtmay, Somoniy hukmdor Ahmad ibn Ismoil Safforiylardan Zarangni tortib olish uchun qoʻshin yubordi. Somoniylar 911-yil mart oyida shaharga yetib kelib, qamal boshladilar. Qamal davomida al-Muaddal Ahmadning Bustni egallagani va Muhammadni asir olganidan xabar topdi. Bu holat Somoniylar bilan muzokara olib borishga undab, 911-yil iyul oyi oxirida taslim boʻldi. Al-Muaddalning taqdiri avvalgi hukmdorlarnikidan yaxshiroq boʻldi. Avvalgi hukmdorlar Bagʻdodda qamoqqa tashlangan boʻlsa, Ahmad al-Muaddalni Buxoroga yuborib, oylik nafaqa bilan taʼminladi. Uning taslim boʻlishi Somoniylarga Seyiston ustidan nazoratni qoʻlga kiritish imkonini berdi.

Adabiyotlar

Bosworth, C. E. The History of the Saffarids of Sistan and the Maliks of Nimruz (247/861 to 949/1542-3). Costa Mesa, California: Mazda Publishers, 1994.

Turkum:Safforiylar sulolasi hukmdorlari Turkum:10-asr Osiyodagi monarxlar Turkum:10-asr eronliklari