Xocalı tumani () – Ozarbayjonning janubi-gʻarbiy qismida joylashgan maʼmuriy-hududiy birlik. Tuman markazi – Xocalı shahri.
Geografiyasi
Tuman hududi asosan togʻli relyefdan iborat. Eng baland nuqtalari – Qizqala (2 843 m) va Qirxqiz (2 824 m). Togʻli hududlardan tashqari joylarda iqlim yumshoq va iliq. Baland togʻ mintaqalarida subalp va alp oʻtloqlari keng tarqalgan.
Asosiy daryolari – Badara va Qarqarçay. Hududda togʻ-oʻrmon va togʻ-oʻtloq zonalari mavjud. Yer maydonlarining qariyb 40 foizi pista, joʻka, zarang va boshqa daraxt turlariga boy. Tarixi
1991-yil 26-noyabrdagi Ozarbayjon Respublikasining 279-XII-sonli qonuni asosida Togʻli Qorabogʻ muxtor viloyati tugatildi. Tugatilgan Askeron tumani negizida Xocalı tumani tashkil etildi.
Tuman Togʻli Qorabogʻ hududida aholi soni boʻyicha Şuşa tumanidan keyin ikkinchi oʻrinda boʻlgan. Qorabogʻ mojarosi 1991—1992-yillarda tuman hududining katta qismi arman qurolli kuchlari tomonidan bosib olindi. 1992-yildan boshlab u tan olinmagan Togʻli Qorabogʻ Respublikasi nazorati ostida boʻlib, mazkur tuzilmaning maʼmuriy-hududiy boʻlinishiga koʻra Askeron tumani tarkibiga kiritilgan edi.
1992-yil 26-fevralda Xocalı qirgʻini sodir boʻldi.
2020-yil 7-noyabrda Ikkinchi Qorabogʻ urushi davomida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Ozarbayjon armiyasi tomonidan Xocalı tumanidagi Qarabulaq, Quşçubaba (avval Moshxmaat, hozir Baharlı) qishloqlari nazoratga olinganini eʼlon qildi.
2020-yil 9-noyabrda Prezident Ilhom Aliyev Dəmirçilər, Çanaqçı, Mədətkənd va Sığnaq qishloqlari ham Ozarbayjon nazoratiga oʻtgani haqida maʼlum qildi.
2023-yil 19—20-sentabr kunlari boʻlib oʻtgan jangovar harakatlar natijasida Ozarbayjon Xocalı tumani ustidan toʻliq nazoratni qayta tikladi.
Zamonaviy davr
2024-yil 8-fevralda Askeron qal’asi yaqinida 13 nafar shaxsning jasadlari dafn etilgan joy aniqlandi. Taxminlarga koʻra, topilgan qoldiqlar Xocalı fojiasi qurbonlariga tegishli boʻlishi mumkin.
Aholisi
2025-yil sentyabr holatiga koʻra, tuman aholisi 2 170 nafarni tashkil etadi.
Iqtisodiyoti
1991-yildan buyon tuman Yuqori Qorabogʻ iqtisodiy rayoni tarkibiga kirgan boʻlib, mazkur hudud 2021-yil 7-iyulda Qorabogʻ iqtisodiy rayoni deb qayta nomlangan.
2025-yil 9-may kuni Xanabad qishlogʻi hududida „Qoç Ət“ dehqon-fermer xoʻjalıgi MCHJga tegishli chorvachilik majmuasi foydalanishga topshirildi.
2025-yil 18-iyunda Daşbulaq qishlogʻida yillik quvvati 16,2 million dona gʻisht ishlab chiqarishga moʻljallangan Xocalı gʻisht zavodi ishga tushirildi. Zavod maydoni 1 gektarni tashkil etadi. Xomashyo manbai – Xocalı shahri yaqinidagi „Xocalı“ gil konidir.
2025-yil 23-dekabrda Ballica qishlogʻida „Accurate Az“ MCHJga qarashli ofis mebellari va mebel aksessuarlari ishlab chiqarish korxonasi ochildi.
Arxeologik qazilmalar
Tuman hududida miloddan avvalgi XIII—VII asrlarga mansub Xocalı–Gədəbəy madaniyati yodgorliklari mavjud. Bu yerda ustaxonalar, tuproq va toshdan yasalgan mozorqoʻrgʻonlar, ibodat maskanlari hamda pechlar mavjud. Qazilmalar davomida qadimiy buyumlar – bronza va kumushdan yasalgan mahsulotlar, neolit davriga oid mehnat qurollari, sopol koʻzalar, qozonlar, egarlik va jilov qismlari, bilakuzuklar, uzuklar hamda suyakdan ishlangan bezaklar topilgan. Tuman hududi sobiq SSSR davrida va keyinchalik ozarbayjonlik etnograflar tomonidan keng oʻrganilgan.
Xocalıdagi qadimiy qabristonlardan birida Ossuriya podshosi Adad-nirari I (mil. avv. 1307—1274-yillar) davriga oid mixxat yozuvi aniqlangan.
Shuningdek, fayans idishlar va shisha munchoqlar topilgan boʻlib, bu topilmalar mahalliy aholining Sharq mamlakatlari bilan savdo aloqalari boʻlganidan dalolat beradi. Diqqatga sazovor joylari
Tuman hududida quyidagi tarixiy va madaniy obidalar joylashgan:
Soʻnggi bronza va ilk temir davrlariga oid nekropol.
Milodiy IV—VII asrlarga mansub cherkovlar.
Xaci Ali gumbazi (XIV asr).
Dumaloq turba (1356-yil).
Askeran qal’asi (1751-yil). Manbalar
Havolalar Xocali tumani ijro hokimiyati Tarixi Azerbaijan saytida Turkum:Maʼmuriy birliklar Turkum:Xocalı tumani