The Adventures of Abdi (tarjimasi: Abdining sarguzashtlari) – amerikalik ijodkor Madonna tomonidan yozilgan rasmli kitob. Kitob 2004-yil 8-noyabrda Callaway Arts & Entertainment nashriyoti tomonidan nashr etilgan. Kitob ravvin Baal Shem Tov tomonidan aytilgan 300 yillik hikoyadan ilhomlangan axloqiy rivoyat boʻlib, Madonna uni Kabbala taʼlimotining zamonaviy ustozlaridan eshitgan. Unda Abdi ismli yigitga qimmatbaho taqinchoqni malikaga yetkazish vazifasi berilgani tasvirlanadi.
Madonna kitob yozishda „Alibobo va qirq qaroqchi“ hamda „Ming bir kecha“ ertaklaridan ilhomlangan. 32 betlik qattiq muqovada chop etilgan bu asarning suratlarini rus rassomlari Olga Dugina va Andrey Dugin chizgan. Madonnaning dastxat qoʻyish tadbirlarida hamda telekoʻrsatuvlarda ishtirok etgani kitob targʻibotini yanada kuchaytirgan. The Adventures of Abdi sharqona ekzotika kayfiyatini targʻib qilgani va bolalar orasida Kabbalahni ommalashtirgani uchun tanqidga uchragan, biroq undagi suratlar ijobiy qarshi olingan.
Qisqacha mazmuni Uzoq bir diyorda Abdi ismli bola yashaydi. U yetim bola boʻladi va buyuk zargar Eli qoʻlida tarbiya topadi. Bir kuni Eli malikaga moʻjaz taqinchoq yasash uchun buyurtma oldi. Taqinchoq tayyor boʻlgach, Eli uni saroyga olib borib, malikaning tugʻilgan kunida topshirish vazifasini Abdiga yuklaydi. Bola choʻl orqali safarga chiqadi. Bir kecha u uxlab yotganida, ikki nafar badaviy unga hujum qilib, taqinchoqni oʻgʻirlashadi va uning oʻrniga tirik ilonni solib qoʻyishadi. Oʻgʻrilikdan bexabar Abdi saroyga yetib keladi va podshoh bilan uchrashadi. Uning xaltasidan ilon chiqib qoladi. Buni koʻrib, podshoh juda gʻazablanadi va bolani zindonga tashlashni buyuradi.
Voqeadan xabar topgan Eli tezda yoʻlga chiqadi va bir haftadan soʻng saroyga yetib keladi. Oʻzining imon-eʼtiqodi va rostgoʻyligi tufayli u podshohni, agar ilonni malikaning boʻyniga qoʻysa, u olmos marjonga aylanishiga ishontira oladi. Malika ilonni boʻyniga qoʻygach, u asta-sekin qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan marjonga aylanadi. Podshoh hayratlanib, Abdini ozod qiladi hamda uni va Elini mukofotlaydi. Abdi va Elining sehrli marjoni haqidagi xabar Abdidan asl marjonni oʻgʻirlagan ikki badaviyga yetib boradi. Ular haqiqiy ilonlar toʻla katta xalta bilan malika saroyiga yetib kelishadi. Biroq, ular keltirgan ilonlar taqinchoqqa aylanmaydi, aksincha, bechora malikani qoʻrqitib yuboradi. Gʻazablangan podshoh ularni umrbod zindonga tashlashni buyuradi.
Yaratilish tarixi
2003-yilda Madonna Callaway Arts & Entertainment nashriyoti bilan besh qismdan iborat bolalar kitoblari turkumi uchun shartnoma imzoladi. Uning aytishicha, har bir kitob „bolalar duch keladigan muammolarni yoritadi… Umid qilamanki, bu asarlar bolalarga ogʻriqli yoki qoʻrqinchli vaziyatlardan saboq chiqarishni oʻrgatadi“. Turkumdagi dastlabki uch kitob quyidagilar boʻldi: The English Roses (2003-yil sentyabr), Mr. Peabody’s Apples (2003-yil noyabr) va Yakov and the Seven Thieves (2004-yil iyun). Ushbu uchala kitob ham The New York Times Best Seller ro‘yxatiga kiritildi. Umumiy hisobda, mazkur uchta kitob dunyo boʻylab 1,5 milliondan ortiq nusxada sotildi. Callaway turkumdagi toʻrtinchi kitob The Adventures of Abdi 2004-yil 8-noyabrda nashr etildi.
Nashr etilishi va qabul qilinishi
The Adventures of Abdi nashr etilgach, Madonna bir qator targʻibot tadbirlarida ishtirok etdi. 2004-yil 12-noyabr kuni qoʻshiqchi London shahridagi Selfridges flagship do‘konida kitobga dastxat qoʻyish tadbirida qatnashdi. Navbatda turgan muxlislardan faqatgina 250 nafari ichkariga kiritildi. Madonna oʻttiz daqiqa davomida baland ovozda kitobdan parcha oʻqib berdi va zalda yigʻilgan 30 nafar maktab oʻquvchisi uni tomosha qildi. 11-noyabr kuni The Insider dasturida Pat OʻBrien Madonnani suhbatga taklif qildi. Suhbatda Madonna kitob yozishni „bolalarga hayotdagi qiyinchiliklarni tinch yoʻl bilan yengib oʻtishga yordam beradigan vositalar berish“ usuli sifatida izohladi.
Yana qarang Madonna bibliografiyasi
Manbalar
Havolalar The Adventures of Abdi at Callaway After Election, Madonna Tries to Stay Upbeat by ABC News
Turkum:Oriyentalizm Turkum:Amerika rasmli kitoblari