Paige Leonhardt (2000-yil 21-sentyabrda tugʻilgan) – avstraliyalik para suzuvchi. 2016-yilgi Rio Paralimpiya oʼyinlarida ishtirok etgan, 2020-yilgi Tokio Paralimpiya oʻyinlarida kumush medalga sazovor boʼlgan, shuningdek, 2024 yilgi Parij Paralimpiyasida ham qatnashgan.

Shaxsiy hayoti Leonhardt 2000-yil 21-sentyabrda tugʻilgan. Besh yoshida ogʻir avtohalokatga uchrab, jiddiy jarohatlar olgan va toʻliq tuzalib ketish uchun toʻrt yil davomida davolanishga majbur boʻlgan. Halokat natijasida u oʻng tomonida gemiplegik serebral falaj, shuningdek, intrakranial gipertenziya (bosh miya ichidagi bosimning ortishi), epilepsiya va autizm bilan kasallangan. Intrakranial gipertenziya tufayli Leonhardtdan bosh miyadagi ortiqcha suyuqlikni orqa miya punksiyasi (spinal tap) orqali muntazam ravishda olib tashlash talab qilinadi. Koʻzlarining orqasida kalsiy yigʻilishi drusen paydo boʻlishiga olib keladi, bu esa kelajakda koʻrish qobiliyatining yoʻqolishiga sabab boʻladi. Sportchi hozirgi kunda Quensland shtatining Mount Cotton shahrida istiqomat qiladi, bundan oldin esa Port Macquarie shahrida yashagan. Bu shaharda, shuningdek, Leonhardtning eng sevimli sportchisi, nogironlar aravachasida regbi boʻyicha oltin medal sohibi Ryley Batt ham istiqomat qiladi. Leonhardt ilgari Port Macquariedagi St Joseph’s Regional kollejida tahsil olgan, biroq oʼqishini koʼchirib, 2019-yilda St Paul’s Grammar maktabini tamomlagan.

2018-yildan boshlab sportchi „Variety the Children“ xayriya tashkiloti elchisi hisoblanadi.

Karyerasi Leonhardt S14 toifasiga tasniflangan va shu boʼyicha musobaqalarda ishtirok etadi. U bundan oldin jismoniy nogironligi boʻlgan sportchilar uchun moʻljallangan S10 toifasida oʼyinlarda ishtirok etgan, biroq Xalqaro Paralimpiya Qoʻmitasi uning jismoniy nogironligini juda yengil deb topib, ushbu yoʼnalishda ishtirok etishga mos emas deb topgan. Shu sababli, hozirda sportchi aqliy nogironligi boʻlgan sportchilar uchun moʻljallangan S14 toifasida raqobat olib boradi. Leonhardt 2012-yil mart oyida sogʼligini tiklash maqsadida guruh boʼlib oʼtkaziladigan suzish mashgʻulotlarida ishtirok eta boshlagan. 2013-yilda boʻlib oʻtgan McDonald’s Queensland Multi Class chempionatida u 11 ta yoʼnalish boʼyicha qatnashib, 7 ta oltin va 4 ta kumush medalni qoʻlga kiritgan. 2014-yilgi Avstraliya Suzish Chempionatida esa 50 metrga brass usulida (multi-class) suzish boʼyicha bronza medaliga ega chiqqan. 2015-yilgi Avstraliya Suzish Chempionatida ham sportchi 50 metrga brass usulida (multi-class) suzish bahslarida qatnashib, bronza medali sovrindoriga aylangan, 100 metrga brass usulida suzish yoʼnalishi boʻyicha (multi-class) esa musobaqaning finaliga qadar yetib borgan. Shuningdek, 2015-yilgi Avstraliya Yoshlar Chempionatining multi-class musobaqalarida Leonhardt 50 metrga brass usulida suzish bahslarida kumush medal, 50 va 100 metrga erkin usulda suzish oʼyinlarida bronza medallarini qoʻlga kiritgan. 2016-yilgi Avstraliya Suzish Chempionatida sportchi ayollar oʻrtasida 100 metrga brass (multi-class) usulida suzish bahslarida shaxsiy rekordini (1.21.31) oʻrnatib, bronza medali bilan taqdirlangan. Bu natija yil davomida dunyo boʻyicha qayd etilgan eng tezkor koʼrsatkichlar orasida toʻrtinchi oʼrinni band qilgan. Shuningdek, Leonhardt ayollar oʻrtasida 200 metrga kompleks suzish (multi-class) musobaqasida 2.39.11 soniya natijani qayd etgan holda beshinchi oʻrinni, 100 metrga batterflay usulida suzish boʼyicha esa 1.11.53 soniya bilan yettinchi oʻrinni egallagan.

Leonhardt 2016-yilgi Rio Paralimpiadasida jami 6 ta yoʻnalishda ishtirok etgan. U S10 toifasida ayollar oʻrtasida 100 metrga batterflay usulida suzish bahslarida finalga chiqib, yakunda 6-oʻrinni egallagan. Shuningdek, 100 metrga brass usulida suzish boʼyicha ham finalga chiqqan va yana 6-oʼrinni qayd etgan. Bundan tashqari, S10 toifasida 50 va 100 metrga erkin usulda, 100 metrga chalqancha va SM10 toifasida 200 metrga kompleks suzish bahslarida ishtirok etgan, biroq musobaqa finaliga chiqa olmagan.

2018-yilda Avstraliyaning Gold Coast shahrida boʻlib oʻtgan Hamdoʻstlik oʻyinlarida Leonhardt ayollar oʻrtasida SB9 toifasida 100 metrga brass usulida suzish bahslarida kumush medal, SM10 toifasida 100 metrga kompleks suzish bahslarida esa toʻrtinchi oʻringa ega boʼlgan.

2020-yilgi Tokio Paralimpiya oʻyinlarida sportchi ayollar oʻrtasida S14 toifasida 100 metrga batterflay usulida suzish boʼyicha 1.05.48 vaqt bilan kumush medalga ega chiqqan. Bu natija Rossiya Paralimpiya Qoʻmitasi vakili Valeriia Shabalina tomonidan oʻrnatilgan jahon rekordidan ikki soniyadan kamroq farq bilan orqada edi. Leonhardt shuningdek, SB14 toifasida 100 metrga brass va SM14 toifasida 200 metrga kompleks suzish musobaqalarida ham finalga chiqib, har ikkala yoʻnalishda oltinchi oʻrinni egallagan.

2022-yil Madeira shahrida boʻlib oʻtgan para suzish boʼyicha Jahon chempionatida u uchta medalni, jumladan, S14 toifasida 100 metrga batterflay usulida suzish boʼyicha oltin medal, SB14 toifasida 100 metrga brass hamda S14 toifasida 4×100 metr masofaga aralash estafeta bahslarida kumush medallarga sazovor boʼlgan. Shu bilan birga sportchi yana 2 ta yoʼnalish boʼyicha musobaqada ishtirok etgan, biroq bu yoʼnalishlarda medalga ega chiqa olmagan.

2024-yilgi Parij Paralimpiya oʻyinlarida Leonhardt 3 ta yoʻnalishda, jumladan, S14 toifasida 100 metrga batterflay suzish boʼyicha 7-oʻrin, S14 toifasida 100 metrga brass usulida suzish boʼyicha 4-oʻrin va SM14 toifasida 200 metrga kompleks suzish bahslarida 8-oʻrinni egallagan.

Leonhardt suzish sportini „oʻzini boshqalar bilan teng his qiladigan yagona joy“ deb taʼriflagan„Paige Leonhardtʼs on her way“. Port Macquarie News. 21 March 2014. Archived from the original on 10 June 2016. Retrieved 16 April 2016.. 2014-yilda u va yana bir sportchi bilan birgalikda Port Macquarie Hasting Sport mukofotining „18 yoshgacha boʻlgan eng yaxshi yosh sportchi“ nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni qoʼlga kiritgan.

Mukofoti

2022 – Sport Australia Hall of Fame stipendiyasi sohibi – 3-darajali.

Manbalar

Turkum:Suzuvchilar 2024-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Suzuvchilar 2020-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Suzuvchilar 2016-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Turkum:2000-yilda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Avstraliyalik ayol para suzuvchilar