The Way – amerikalik qoʻshiqchi Ariana Grande tomonidan ijro etilgan, amerikalik reper Mac Miller ishtirokidagi qoʻshiq. U 2013-yil 26-martda Republic Records tomonidan Grandening birinchi studiyaviy albomi „Yours Truly“ (2013) uchun yetakchi singl sifatida chiqarilgan. Qoʻshiq Amber Streeter, Al Sherrod Lambert, Jordin Sparks, Brenda Russell, Miller va prodyuser Harmony Samuels tomonidan yozilgan. Qoʻshiq Big Punning 1998-yilda chiqarilgan „Still Not a Player“ qoʻshigʻidan olingan naʼmuna (sempl, inglizcha: sample)dan foydalanilgan (Oʻz navbatida ushbu qoʻshiq Russellning 1979-yilda chiqarilgan „A Little Bit of Love“ qoʻshigʻidan ilhomlangan).
„The Way“ qoʻshigʻi Grande uchun karyerasida yangi sarhadlar ochib bergan singlga aylangan. Qoʻshiq AQSh Billboard Hot 100 chartida toʻqqizinchi oʻringa chiqib, Grande va Miller uchun chartdagi birinchi top 10 hitga aylanadi. Qoʻshiq oxir-oqibat Amerika Ovoz yozish sanoati assotsiatsiyasi (RIAA) tomonidan AQShda uch milliondan ortiq nusxa sotilishi natijasida uch karra platina sertifikatiga ega boʻladi. Jones Crow tomonidan suratga olingan musiqiy video 2013-yil 28-martda chiqarilgan. Videoda Grande va Miller sharlarga toʻla xonada raqsga tushayotganlari, Miller esa Grandening fotosuratlarini olayotgani tasvirlangan.
Qoʻshiqning Spanglish versiyasi ham mavjud boʻlib, unda Ariana Grande asosiy ijrochi, Mac Miller va kolumbiyalik reper J Balvin esa qoʻshimcha ijrochi oʻlaroq qatnashgan.
Yaratilish tarixi
2011-yil 12-dekabrda Ariana Grande oʻzining birinchi singli „Put Your Hearts Up“ni chiqaradi. Bu qoʻshiq „bubblegum pop“ janrida boʻlib, „The Way“ qoʻshigʻidan butunlay boshqacha uslubda va boshqa maqsadli auditoriyaga moʻljallangan edi. „The Way“ lirikasi noz-karashma va romantik munosabatlar mavzusini yoritib, baʼzi joylarda jinsiy mazmunni ham oʻz ichiga olgan boʻlsa, „Put Your Hearts Up“ yoshlarga qaratilgan qoʻshiq boʻlib, dunyoni yaxshilash haqida edi. 2013-yil 25-martda KIIS-FM radiostansiyasida boʻlib oʻtgan intervyuda Grande oʻzining birinchi singli haqida gapirib, „Put Your Hearts Up“ qoʻshigʻining na musiqiy videosini, na oʻzini yoqtirmaganini, uni dahshatli birinchi taassurot deb hisoblaganini tan olgan. U qoʻshiqni hech qachon boʻlmagandek koʻrsatishni xohlaganini va uni targʻib qilishga hech qanday ishtiyoq sezmaganini qoʻshimcha qiladi. 2013-yilda Billboard bilan boʻlgan intervyusida Grande oʻz musiqasi oʻsib borayotgan shaxsiyati bilan bogʻliq boʻlishi kerakligini taʼkidladi. U oʻsmirlar uchun moʻljallangan „Sam & Cat“ (2013) amerika sitkomida Cat Valentine obrazini gavdalantirganida kichik yoshdagi muxlislari uchun yonida boʻlisha vaʼda bergan boʻlsa-da, musiqa ijro etish oʻsib ulgʻayish jarayonining bir qismi ekanini aytib oʻtgan.
2013-yil yanvar oyida Grande prodyuser Harmony Samuels bilan uchrashdi va u Grandega qoʻshiqning demo versiyasini taqdim etadi. Bu versiyada qoʻshiqning dastlabki ijrochisi va hammuallifi Jordin Sparksning vokali bor edi. Samuels singl uchun yaratgan musiqa, Brenda Russellning „A Little Bit of Love“ qoʻshigʻidan toʻgʻridan-toʻgʻri, yoki Big Punning „Still Not a Player“ qoʻshigʻi orqali olingan semplni oʻz ichiga olgan edi. Grandega bu musiqa yoqib qoladi va Mac Millerdan qoʻshiqda birga ishtirok etishni soʻraydi. Miller taklifni qabul qiladi va ushbu qoʻshiq xitga aylanishiga ishonchini bildiradi. Qoʻshiq oʻsha oyda yozib olinadi va Republic Records vitse-prezidenti Charlie Walkning eʼtiborini tortadi. U qoʻshiqni Republic asoschilaridan biri Monte Lipman ofisida eshitganida, kech soat 8 edi. „Bir kuni kechqurun, Monte ofisidan bir qoʻshiq eshitdim. U meni chaqirdi va Ariana Grandening videotasvirini qoʻyib berdi. Biz qoʻshiqni eshitdik va men darhol uni chiqarishga qaror qildim“ deb aytib oʻtadi Walk.
Reklama va chiqarilishi Grande oʻzining yangi singli chiqarilishidan oldin, ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuv uygʻotadi. U birinchi marta 2013-yil 5-martda „The Way“ haqida tvit yozib, qoʻshiqning shu oy oxirida chiqarilishini maʼlum qiladi. 2013-yil 13-martda rasmiy chiqarilish sanasini eʼlon qiladi. 2013-yil 16-martda oʻzining YouTube sahifasida qoʻshiq va musiqiy video uchun kichik treylerni joylaydi. 2013-yil 21-martda ikkinchi tizeri bilan boʻlishadi.
Mart oyining ikkinchi yarmida Grande Qo'shma Shtatlar boʻylab mamlakatning eng mashhur Top 40 radiostansiyalariga eʼtibor qaratilgan radio safari oʻtkazadi. U 2013-yil 18-martda Y-100 Miami va 93.3 FM radiostansiyalariga intervyu uchun tashrif buyuradi. Keyingi kuni u „Elvis Duran and the Morning Show“da qatnashadi va Z100 tomonidan oʻtkazilgan chiqirilishga bagʻishlangan bayramda ishtirok etib, u yerda muxlislari bilan oʻz musiqasi haqida suhbat uyushtiradi. 2013-yil 25-martda u KIIS-FMga JoJo Wright bilan intervyu uchun tashrif buyuradi. 2013-yil 29-martda u 99-7 Now radiostansiyasiga intervyu beradi. „The Way“ 2013-yil 25-martda „On Air with Ryan Seacrest“ dasturida taqdim etilgan.
„The Way“ qoʻshigʻining rasmiy R&B remiksi 2013-yil 11-iyulda chiqariladi, unda amerikalik reper Fabolous oʻzining ikki misrasi bilan ishtirok etgan.
Tanqidiy baholar
Digital Spy ushbu qoʻshiqni beshdan besh yulduz bilan baholagan va qoʻshiqning ohangi va Ariananing vokalini Mariah Carey bilan solishtirib, Ariana kuchli vokalga ega ekanligini, qoʻshiq esa harakatchan pianino riffi va retro R&B ritmlari bilan ajralib turishini taʼkidlagan. Idolator jurnalidan Sam Lansky qoʻshiq haqida ijobiy fikr bildirib, vokallarni „shirin, ruhli va yetuk“ deb ataydi. MTV Buzzworthy jurnalisti Jenna Hally Rubenstein qoʻshiq haqida iliq fikrlar aytib, oʻquvchilarga Arianaga bir koʻz tashlab qoʻyishni, chunki Ariana pop musiqasi olamida eng yangi yulduz boʻlishi mumkin ekanligi haqida aytib oʻtadi. Shuningdek, Rubenstein qoʻshiqning 2000-yillar boshidagi kabi R&B ohanglari uni Jennifer Lopezning Ja Rule bilan ijro etgan „I'm Real“ qoʻshigʻining yangilangan versiyasiga oʻxshatib yuboradi. Rolling Stone jurnalidan Nick Catucci qoʻshiqni besh yulduzdan uch yarim bilan baholab, Grandening vokalini „gʻaroyiblikdan koʻra koʻproq noz-karashmali“ deb tanqid qiladi, lekin uni Carey bilan ijobiy tarzda solishtirib, vokalini „hayajonli“ deb atagan.
PopCrush jurnalisti Jessica Sagerning fikricha, qoʻshiqning umumiy taʼsiri biroz zaif koʻrinadi. U Grandeni Victoria Justice va Miranda Cosgrove kabi boshqa yosh yulduzlar bilan solishtirib, Grande oʻz uslubini 2000-yillar boshidagi Mariah Careydan ilhomlanganligini taʼkidlaydi. Sagerning aytishicha, Grande har qanday musiqani ijro etish uchun zarur boʻlgan vokal mahoratiga ega boʻlsa-da, uning Nickelodeon fonidagi tajribasi Arianani R&B yulduzi sifatida qabul qilinishini qiyinlashtirishi mumkin. Sager qoʻshiqni „qoʻshiq na yaxshi, na yomon – uning muammosi shundaki, u esda qolarli emas“ deb taʼriflaydi, chunki musiqaning oʻzi va Millerning soʻzlari orasida aralashib, esdan chiqib ketishi oson ekanligini aytib oʻtadi.
Mukofotlar Yil Tashkilot Mukofot Natija Manba2013Teen Choice AwardsChoice Love Song
Tijoriy koʻrsatgichlar "The Way" qoʻshigʻi chiqarilganidan keyin dastlabki 48 soat ichida 120,000 marta raqamli yuklab olinib, birinchi haftada 219,000 nusxada sotiladi. Qoʻshiq 2013-yil 5-aprel bilan yakunlangan hafta davomida Billboard Hot 100 chartida 10-oʻrinda debyut qiladi va Grande hamda Millerning birinchi top-oʻntalikdagi xitiga aylanadi. Bu bilan Grande 2008-yilda „New Soul“ qoʻshigʻi bilan Yael Naimdan beri Hot 100 chartida ilk bor ishtirok etgan va darhol top-oʻntalikka kirgan birinchi ayol qoʻshiqchiga aylanadi. Qoʻshiq chartdagi ikkinchi haftasida 22-oʻringa tushib ketadi, keyingi haftada esa 37-oʻringa tushadi. Biroq, radio stansiyalarining eʼtibori ortib, qoʻshiq qayta oʻsishni boshladi va oxir-oqibat ikki hafta davomida 9-oʻringa chiqadi. „The Way“ Billboard Hot 100 chartida 26 hafta davomida qoladi. Qoʻshiqning Spanglish versiyasi esa 2013-yil 24-avgust bilan yakunlangan hafta davomida Billboardning Latin Pop Songs chartida 5-oʻringacha koʻtarilgan. 2014-yil 30-iyulda „The Way“ Qoʻshma Shtatlarda uch milliondan ortiq nusxada sotilganligi uchun Amerika Ovoz Yozish Sanoati Assotsiatsiyasi tomonidan uch karra platina sertifikatiga ega boʻladi. 2020-yil iyun oyiga kelib, qoʻshiq AQShda 2,4 milliondan ortiq nusxada sotilgan.
Mualliflik huquqi buzilishi boʻyicha daʼvo 2013-yil 11-dekabrda Minder Music kompaniyasi Grande, Sony/ATV, UMG Recording va boshqa tomonlarga qarshi mualliflik huquqi buzilishi boʻyicha daʼvo arizasi yuboradi. Daʼvoda „The Way“ qoʻshigʻining kirish qismida aytilgan „What we gotta do right here is go back, back into time“ soʻzlari, The Jimmy Castor Bunchning 1972-yilda chiqqan „Troglodyte“ singlidagi „What weʼre gonna do right here is go back, way back, back into time“ satrlari bilan mualliflik huquqini buzishini taʼkidlagan.
Daʼvo arizasida ikki qoʻshiq orasidagi oʻxshashliklar "deyarli bir xil matnlar, oʻxshash talaffuz tezligi, „What we gotta do right“ qismi tez va izchil, „here is go back“ qismi esa biroz sekinroq talaffuz qilinishi va qoʻshiqlarning boshida joylashuvi" ekanligi koʻrsatilgan. Minder Music kompaniyasi har bir mualliflik huquqi buzilgani uchun 150,000 AQSh dollari miqdoridagi kompensatsiya va sud xarajatlarini qoplashni talab qilgan. 2015-yilda ish suddan tashqarida hal qilingan.
Musiqiy video „The Way“ qoʻshigʻining musiqiy videosi 2013-yil 10 va 11-fevral kunlari suratga olingan. 2013-yil 16-martda Grande oʻzining YouTube sahifasida qoʻshiqning birinchi tizerini eʼlon qiladi. Ikkinchi tizer ikki kundan keyin Ryan Seacrest veb-saytida va keyinchalik Grande sahifasida chiqariladi. Jones Crow tomonidan suratga olingan videoklip 2013-yil 28-martda omma eʼtiboriga taqdim etilgan. Videoda Grande, Miller va bir guruh raqqoslar ishtirok etadi. Unda Miller Grandening turli xil kameralar yordamida suratga olishi tasvirlangan. Miller va Grande sharlar bilan toʻldirilgan xonada raqsga tushib, suratlari devorga proyeksiya qilinadi. Videoning oxirida Miller va Grande oʻpishadi, bu Grande tomonidan „oʻsib-ulgʻayayotganini namoyish etish“ deb tasvirlangan. Video 2013-yil 2-oktabrda 100 million tomosha soniga yetib, Vevo tomonidan sertifikatlangan. 2020-yil avgust holatiga koʻra, video YouTubeʼda 400 milliondan ortiq tomosha qilingan.
Jonli ijrolar Grande „The Way“ qoʻshigʻini birinchi marta 2013-yil 29-mayda „The Ellen DeGeneres Show“ dasturida jonli ijro etadi. Ijro chogʻida u koʻp oktavali ovoz diapazonini namoyish etdi. Miller sahnaga taklif qilinib, Grande bilan hazillashib, uning qoʻlini oʻpadi. „Rap-Up“ xodimlari bu chiqishni „oʻyin-kulgi va noz-karashma“ deb baholashgan. Grande va Miller 2013-yil 15-iyunda „Late Night with Jimmy Fallon“ dasturida ham qoʻshiqni birgalikda ijro etishgan. Shuningdek, 2013-yil 3-sentabr kuni „Today“ koʻrsatuvining tonggi shousida qoʻshiqni ijro etishadi, bu ijro chogʻida Miller oʻzining kirish qismida amerikalik reper Lil B’ni eslab oʻtgan. 2013-yil MTV Video Music Awards taqdimotining oldidan tashkil etilgan shouda Grande „The Way“ va „Baby I“ qoʻshiqlarini medley tarzida ijro etadi. U binafsha ipak koʻylak va baland poshnali tuflilar, ikki zaxira raqqosa qora rangda kiyim kiygan holda sahnaga chiqadi. MTV News xodimi Caitlin Whitening yozishicha, Grande bu chiqishda biroz asabiy koʻringan. 2013-yil 16-oktabrda u „Jimmy Kimmel Live!“ shousida „The Way“ qoʻshigʻini yaltiroq, yelkasi ochiq va poshnali koʻylakda ijro etadi.