Renault Korea (koreyscha: 르노코리아) Janubiy Koreyaning Pusan shahrida joylashgan avtomobil ishlab chiqaruvchisi boʻlib, uning yagona yigʻuv zavodi ham shu yerda joylashgan. Kompaniyaning qoʻshimcha obyektlari Seul (boshqaruv), Giheung (tadqiqot va rivojlanish) va Daegu (avtomobillarni sinovdan oʻtkazish) shaharlarida joylashgan.
Kompaniya dastlab 1994-yilda Samsung chaebol tomonidan Nissanning texnik yordami orqali Samsung Motors nomi bilan tashkil etilgan. U avtomobillarni sotishni 1998-yilda, Janubiy Koreya Sharqiy Osiyo moliyaviy inqiroziga uchrashidan biroz oldin boshladi. 2000-yilda kompaniya Fransiyaning Renault avtomobil ishlab chiqaruvchisining shoʻba korxonasiga aylandi va Renault Samsung Motors (RSM) deb qayta nomlandi, Samsung esa ozchilik ulushini saqlab qoldi. Kompaniya 2022-yilning mart oyida Renault Korea Motors (RKM) savdo nomini qabul qildi. Avgust oyida bu kompaniyaning huquqiy nomiga aylandi. 2022-yilning dekabr oyida Geely kompaniya ulushining bir qismini Renault bilan kengroq hamkorlik doirasida sotib oldi. Lekin u hali ham Renaultning konsolidatsiyalangan shoʻba korxonasi boʻlib qolmoqda. 2024-yilning aprel oyida kompaniya oʻzining hozirgi nomini qabul qilgan.
Renault Korea elektr modellar va krossoverlarni oʻz ichiga olgan turli xil avtomobillarni bozorga chiqaradi.
Tarixi
Boshlanishi: Samsung Group davri (1994–2000) 1990-yillarning boshida Samsung rahbari Lee Kun-hee avtomobil sanoatini boshqa sanoatlarning yakuni sifatida e'tirof etadi. Samsung Group uchun bu butun guruhning resurslari va texnologiyalaridan to'lig'icha foydalanish imkoniyatini yaratardi. Bunga jumladan, Samsung Electric va Samsung Electronics ham kiradi. Lee Kun-hee dastlab Kiani nazoratga olishga harakat qildi. Lekin boshqa raqiblar va qonuniy cheklovlar tufayli bu fikridan voz kechdi. Kia oxir-oqibat Hyundai tomonidan sotib olindi.
Lee yangi avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya - Samsung Motors (SMI deb ham ataladi) va yuk mashinalari ishlab chiqaruvchi Samsung Commercial Vehicles Co., Ltd. tashkil etishga qaror qildi. Ikkinchisi Samsung Heavy Industries va Nissan Diesel yordamida tashkil etilgan. SMI 1994-yilda tashkil topgan. Daegu shahrida joylashgan Samsung Commercial Vehicles esa 1996-yilda tashkil topgan. SMI o'z faoliyatini boshlaganidan ko'p o'tmay, Osiyodagi moliyaviy inqiroz yuz berdi. Samsung SMI va boshqa asosiy bo'lmagan bo'linmalarini sotishga qaror qildi. SMI sotuvga qo'yildi, Daewoo Motors birinchi qiziqish bildirgan kompaniyalardan biri edi. Ammo inqiroz chuqurlashgani sababli Daewoo Motorsning o'zi GM tomonidan sotib olindi. Hyundai Motors ham potensial xaridor sifatida ko'rib chiqilgan edi. Ammo Samsung Group va Hyundai Group o'rtasidagi korporativ ziddiyatlar buni imkonsiz qildi. 1998-yil dekabr oyida Renault bilan muzokaralar boshlandi va 2000-yil sentabr oyida fransuz avtomobil ishlab chiqaruvchisi kompaniyaning 70% ulushini 560 million AQSh dollari evaziga sotib oldi. Samsung Commercial Vehicles Samsungda qoldi, ammo kompaniya 2000-yil oxirida bankrotlikka uchradi.
Lee avtomobillarga bo'lgan qiziqishi tufayli SMIni global avtomobil kompaniyasiga aylantirish uchun sifatida Nissandan texnik yordam olishga qaror qildi. Nissan o‘sha paytda moliyaviy qiyinchilikda edi. SMI bilan Nissanning aloqasi Renaultning kompaniyani sotib olish sabablaridan biri edi. Chunki o‘sha paytga kelib Renault Nissanning yirik aksiyadoriga aylangan edi. SMI uchun dastlab Volkswagen, BMW yoki Honda bilan texnik hamkorlik qilish ko'rib chiqilgan edi, deb ta’kidlagan SMI’ning dastlabki rejalashtiruvchilaridan biri. 1998-yildan boshlab Renault Samsung Motors SQ5 modelini (hozirgi SM5) Chilida sotishni boshladi.
Manbalar