Ekvador mojarosi (2024) – 2024-yil 9-yanvarda Ekvadorda mamlakat hukumati ishtirokida bir nechta uyushgan jinoiy guruhlarga, xususan, Los Choneros karteliga qarshi boshlangan qurolli toʻqnashuv.

Guayakil va mamlakatning boshqa qismlarida qurolli hujumlar haqida xabarlar keng tarqala boshlagan. Bu voqea birinchi navbatda qamoqxonalar, bozorlar, yoʻllar va universitetlarda sodir boʻlgan. Keng miqyosdagi hujumlar Los Choneros yetakchisi José Adolfo Macías Villamarning Guayakil qamoqxonasidan qochib ketishi va prezident Daniel Noboaning favqulodda holat, keyin esa ichki urush holatini eʼlon qilganiga javoban kelib chiqqan edi.

Boshlanishi sabablari Ekvadorda har 100,000 aholiga toʻgʻri keladigan qotillik darajasi 2017-yildan 2023-yilgacha 5 nafardan 46 nafargacha koʻtarildi. Lotin Amerikasi ijtimoiy fanlar fakultetidan siyosiy tahlilchi Fernando Carrionning soʻzlariga koʻra, bunday salbiy darajaga sabab boʻlgan omil Lenin Morenoning 2017-yilda prezident lavozimiga kelishi boʻldi. Yangi prezident tejamkorlik siyosatiga kirishdi va bir necha vazirliklarning byudjetini qisqartirilgan yagona vazirlikka birlashtirgani natijasida xavfsizlik apparati zaiflashdi. 2017-yildan 2021-yilgacha qamoqxona mahbuslarining koʻpayganiga qaramay, bu muassasalarning xavfsizligiga sarflangan xarajatlar uchdan bir qismga qisqartirildi.

Ijtimoiy koʻrsatkichlarning yomonlashuvi ham jinoiy guruhlarni yollashni osonlashtirdi. 2007-yildan 2017-yilgacha qashshoqlik darajasi 35 foizdan 21 foizga tushib ketgan boʻlsa-da, Moreno va Guilermo Lasso prezidentliklari davrida davlat xarajatlarining qisqartirilishi hamda COVID-19 pandemiyasi bu koʻrsatkichni 2023-yilda 27 foizga oshirdi. 15 dan 25 yoshgacha boʻlgan yoshlarning uchdan bir qismi, asosan, kam taʼminlangan oilalardan boʻlib, mamlakatda ishsizlik va oʻqish uchun grantlarning yoʻqligi ularni jinoiy guruhlar tomonidan yollanishga moyil qilib qoʻymoqda.

Geografik jihatdan Ekvador Kolumbiya va Peru oʻrtasida joylashgan boʻlib, ular dunyodagi ikkita asosiy kokain ishlab chiqaruvchi mamlakatlar hisoblanadi. Bu borada Kolumbiya va Peru uchun Ekvador rasmiylari tomonidan yomon nazorat qilinadigan Guayakil porti muhim darvoza boʻlib xizmat qiladi. 2016-yilgacha Kolumbiya Inqilobiy Qurolli Kuchlari (FARC) Kolumbiya va Ekvador oʻrtasida kokain savdosi operatsiyalarini nazorat qilgan. Oʻsha yili FARC va Kolumbiya hukumati oʻrtasidagi tinchlik kelishuvidan soʻng, sobiq kokain ishlab chiqaruvchilar mamlakatning asosiy hududlaridan chiqib ketishiga toʻgʻri keldi, FARCning baʼzi dissident aʼzolari oʻzlarining narkotikka qarshi kurashish toʻdalarini tashkil qilishdi. Kolumbiya hukumatining transport markazlari ustidan yaxshi nazorati tufayli mamlakatda giyohvand moddalar savdosi kamaydi va uning operatsiyalari Ekvadorga oʻtdiJens Glüsing: Die Drogenkartelle haben Ecuador den Krieg erklärt . .

Vox veb-sayti maʼlumotlariga koʻra, Kolumbiyadagi oʻrnatilgan tinchlik kelishuvi bilan bir qatorda Qoʻshma Shtatlarda kokainga boʻlgan talab ham kamaygan. Bu esa Albaniya, Meksika va Venesuela jinoiy guruhlarining Ekvadordagi narkotrafik yoʻllarini nazorat qilishga urinishi ustidan mamlakatning nazoratni yoʻqotib qoʻyishiga olib keldi. Sobiq Ichki ishlar vaziri va Peru milliy politsiyasi rahbari Eduardo Pérez Rocha mojaro boshlanganidan keyin zoʻravonliklarning kuchayishi Ekvadorda xalqaro Venesuela toʻdasi Tren de Aragua faoliyat olib borayotgani bilan bogʻliqligini, aynan shu jinoiy faoliyatning yuqori intensivligiga olib kelganligini aytadi. 2018-yildan beri Ekvador tarixda qoladigan kuchli zoʻravonlik toʻlqiniga duch keldi, chunki mamlakat muhim kokain tranzit nuqtasiga aylandi va uyushgan jinoiy guruhlar giyohvand moddalar yoʻllari hamda qamoqxonalarni nazorat qilish uchun raqobatlashmoqda. Qamoqxonadagi janglarda yuzlab mahbuslar halok boʻlgan.

2019-yilda tejamkorlik siyosati choralariga javoban ommaviy tartibsizliklar boshlandi. 10-oktyabr kuni poytaxt Kitoni namoyishchilar bosib oldi, prezident Moreno hukumatni Guayakilga koʻchirishga majbur boʻldi. Yoqilgʻi subsidiyalarining qoʻllanishi bu toʻqnashuvlarga barham berdi.

2022-yil 2-noyabrda prezident Guillermo Lasso besh nafar politsiyachining oʻldirilishi va bir necha qamoqxona qoʻriqchilarining uyushgan jinoyatchilar tomonidan oʻgʻirlab ketilishi natijasida Guayas va Esmeraldas provinsiyalarida keyingi 45 kun davomida favqulodda holat boʻlishini eʼlon qildi.

Jinoiy guruh rahbarlarining qochishi 2024-yil 7-yanvarda Los Choneros rahbari José Adolfo Macías Villamar Guayakildagi qamoqxonadan qattiq tartibli qamoqxonaga oʻtkazilishi rejalashtirilgan kuni qochib ketdi. Hodisalar haqida maʼmurlar ertasi kuni xabar berishdi va ikki nafar kuzatuvchiga qarshi ayblovlar qoʻyildi. 9-yanvar kuni Los Lobos deb nomlanuvchi boshqa jinoiy guruh rahbari Fabricio Colón Pico bosh prokuror Diana Salazar Méndezni oʻldirishga uringanligi uchun hibsga olinganidan toʻrt kun oʻtib Riobambadagi qamoqxonadan qochib ketadi.

Mahbuslar qochib ketganidan keyin prezident Daniel Noboa 60 kun davom etadigan favqulodda holatni eʼlon qildi, hukumatga odamlarning huquqlaridan foydalanishini toʻxtatib turish vakolatini va harbiylarni qamoqxonalar ichiga safarbar qilish imkonini berdi. Ekvador boʻylab koʻplab qamoqxonalarda tartibsizliklar boʻlib oʻtdi. Bir qator bosqinchiliklar, jumladan korxonalar va shaxsiy avtomashinalarga portlovchi moddalar bilan qilingan hujumlar hamda Milliy adliya sudi raisining uyi yaqinida portlash sodir etildi. 8-yanvarga oʻtar kechasi Kito va Kevedoda toʻrt nafar politsiyachi oʻgʻirlab ketilgan.

The Washington Post gazetasi maʼlumotlariga koʻra, razvedka tahlilchilari hujumlarga qisman boʻlsa-da, giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanuvchilar, jinoiy guruhlar va siyosiy operatorlar oʻrtasidagi aloqalarga oid soʻnggi tergov sabab boʻlgan boʻlishi mumkinligini aytishgan. Tergovga sabab boʻlgan Metastaz deb nomlanuvchi operatsiya 2023-yil dekabr oyida kamida 20 nafar yuqori darajadagi xavfsizlik xizmati amaldorlari va sudyalarining giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanuvchilarga foyda keltiradigan jinoiy faoliyatda ayblanib hibsga olinishiga olib kelgan.

Mojaro

Yanvar 2024-yil 9-yanvarda Ekvadordagi uyushgan jinoiy guruhlar „urush“ bilan tahdid qilishdi, bu esa mamlakat prezidentini ichki qurolli mojaro holatini eʼlon qilishga va bu guruhlarga qarshi harbiy amaliyotlar oʻtkazishga ruxsat berishga undadi. Xuddi shu kuni Los Choneros guruhidagi qurolli bosqinchilar Guayakildagi Televisión studiyasiga zoʻrlik bilan kirib, jonli efir vaqtida jurnalistlarni garovga olgan. Kechqurun Ekvador politsiyasi telestudiyada reyd oʻtkazadi, jurnalistlarni ozod qiladi va jinoiy guruh aʼzolarini hibsga oladi. Bir jurnalistning oyogʻiga oʻq tegib, jarohat olgan, boshqa bir stansiya xodimining qoʻli singan. Hujum qilganlarning baʼzilari voyaga yetmaganlar ekanligi maʼlum qilingan.

Kitoda soat 15:00 da rasmiylari va boshqa davlat muassasalari xodimlari xavfsizlik maqsadida evakuatsiya qilindi. Koʻpgina korxonalar tijorat faoliyatini kun davomida yopib qoʻydilar. Keyinchalik Obelisco de la Vicentina yaqinida portlovchi qurilma topildi va xavfsizlantirildi. Shuningdek, pico y placa deb nomlangan transport vositalaridan foydalanish tizimi keyingi ogohlantirishgacha toʻxtatilgani xabar qilindi. thumb| Guayakil shimolidagi Los Ceibos kasalxonasidagi barrikadalar Guayakildagi bir nechta kasalxonalar zoʻravonlik harakatlarining nishoniga aylangan, Teodora Maldonado, Luis Vernaza, Guayakil, El Niño va Los Ceibos kasalxonalari shular qatoriga kiradi. Kasalxonalarga qilingan hujumlar tibbiyot xodimlarini talon-taroj qilishdan tortib, tibbiyot muassasalarida otishma sodir etishgacha yetgan. Los Ceibos kasalxonasi yaqinidagi hujum paytida qoʻshiqchi Diego Gallardo („Aire del Golfo“ nomi bilan ham tanilgan) va oʻrta maktab oʻquvchisi oʻqdan yaralangan. Ikkalasi ham bitta shifoxonada davolangan, Gallardo olgan jarohatlaridan vafot etgan.

Shu bilan birga, jinoiy guruh aʼzolari bir guruh politsiya xodimlarini garovga olib, ularni Noboaning favqulodda holat eʼlon qilganiga munosabat sifatida fikr bildirib yozgan xabarlarini oʻqishga majbur qilishdi. Bundan tashqari, Guayakil universiteti kampusida oʻgʻirlik hodisasi yuz bergan, muassasadagi talabalar sinf xonalarini berkitib, oʻz xavfsizliklarini taʼminlashgan.

Tinch aholiga ham bir necha marta hujum uyushtirilgani xabar qilingan. Guayakildagi Centro Comercial Alban Borjada savdo markazida ikki nafar tinch aholi otib oʻldirilgan. Noboldagi hujumda ikki politsiyachi halok boʻlgan. Internetda qamoqxona qoʻriqchilari qatl etilayotgani aks etgan videolar tarqala boshladi, baʼzi jinoyatchilar Noboa bilan muloqot qilishni soʻrab, qoʻriqchilarni oʻldirishda davom etish bilan tahdid qilishgan. Bir jinoiy guruh aʼzolari kechki soat 11 dan keyin koʻchada duch kelgan insonni oʻldirish bilan tahdid qilgan. Esmeraldasda ikki avtomobil va bir yoqilgʻi quyish shoxobchasi yoqib yuborildi. Portlashlar butun mamlakat boʻylab, xususan Guayakil, Cuenca, Machala va Lojada, shuningdek, Esmeraldas va Los Rios provinsiyalarida qayd etilgan.

Savdogarlar va mijozlarni qurolli hujumlardan himoya qilish uchun butun mamlakat boʻylab Kito va Guayakil kabi shaharlarda banklar, bozorlar hamda doʻkonlar faoliyati vaqtinchalik muddatga toʻxtatildi.

10-yanvar kuni golland televideniyesi xodimi Rob Kamphuesning X (Twitter) orqali qilgan favqulodda qoʻngʻirogʻidan soʻng yetti Gollandiya fuqarosini mamlakatdan olib chiqib ketish uchun Ekvadorga maxsus KLM reysi amalga oshirilgan.

11-yanvar kuni Coca shahridagi tungi klubga oʻt qoʻyilishi oqibatida 2 kishi halok boʻlgan, yana 9 kishi yaralangan, natijada 11 ta doʻkon ham vayron boʻlgan.

13-yanvar kuni hukumat jinoiy guruhlar tomonidan tartibsizliklar boshlanganidan beri butun mamlakat boʻylab qamoqxonalarda garovga olingan barcha 178 nafar qamoqxona qoʻriqchisi va boshqa xodimlarning ozod qilinganini eʼlon qildi.

17-yanvar kuni telekanalga hujum boʻyicha tergovni olib borayotgan davlat prokurori César Suárez Guayakilda kunduzi uyushtirilgan hujumda otib oʻldirilgan. Qurollangan jinoyatchilar Los Chonerosning boʻlinib ketgan Los Chone Killers guruhi aʼzolari ekanligi taxmin qilinmoqda.

18-yanvar kuni xavfsizlik kuchlari yirik operatsiya doirasida Guayakilning markaziy qamoqxonasiga bostirib kirishdi. Oʻsha kunning oʻzida armiya „jazoni ijro etish majmuasining tashqi va ichki perimetrini nazorat qilish“ vazifasini bajarayotganligini daʼvo qilib, X (Twitter) orqali qamoqxona ichidan olingan suratlar bilan boʻlishdi.

21-yanvar kuni politsiya jinoiy guruhlarning Yaguachi shahridagi kasalxonani egallab olishga urinishining oldini oldi, natijada 68 kishi hibsga olindi. Taxminlarga koʻra, jinoyatchilarning oʻsha kungi muvaffaqiyatsiz hujumi „hamkasbini qutqarish“ uchun qilingan, keyingi kuni bosqinchilar buni tan olgan. Mahalliy jinoiy guruh shtab-kvartirasi joylashgani aniqlangan reabilitatsiya markazida ham reyd oʻtkazildi.

Fevral 7-fevral kuni shahar kengashi yigʻilishidan chiqqanidan koʻp oʻtmay, maslahatchi Diana Carnero Naranjalda shaharning yomon yoʻl sharoiti haqida video suratga olayotgan paytida otib ketilgan. U mahalliy kasalxonada vafot etgan.

23-fevral kuni yaqinda xavfsizlik kuchlari tomonidan Los Lobos aʼzolaridan qaytarib olingan Latakunga qamoqxonasidan yana 3 nafar mahbus qochib ketdi.

Mart 8-mart kuni Prezident Noboa favqulodda holatni 30 kunga uzaytirdi. Qotillik darajasi kuniga 24 tadan 12 taga tushib, ikki barobarga kamaydi va mojaro boshlanganidan beri 11,700 nafardan ortiq odam hibsga olindi.

16-mart kuni El Pais gazetasi hukumat qamoqxonadagi tartibsizliklar va shaxsni oʻgʻirlash davomida oʻlim holatlarini aniqlashni osonlashtirish uchun mahbuslarning genetik profilini yaratayotgani haqida xabar berdi.

24-mart kuni San Vicente meri Brigitte Garcia oʻz mashinasida oʻqdan jarohatlanib oʻlgan holda, xodimi Jairo Loor bilan birga Manabi provinsiyasida topildi. Qotil qoʻlga olinmagan.