Hello Toshkent, salam Toshkent sud ishi – Telegramda „Hello Tashkent, salam Tashkent“ nomli kanal hamda guruhlarni tashkil etib, ularga fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi videotasvirlarni joylashtirib kelgan guruh ustidan ochilgan jinoiy ish.

Tergov 2023-yil may oyida IIV Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi tomonidan Telegramda „Hello Tashkent, salam Tashkent“ nomli kanal hamda guruhlarni tashkil etib, ularga fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi videotasvirlarni joylashtirib kelgan guruh aniqlangan. Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi „v“ bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ehtiyot chorasi sifatida vaqtincha qamoqqa olindi. Guruh aʼzolari videodagi insonlarni materiallarini internet tarmoqlaridan olib tashlash va videoni oʻchirib yuborish uchun pul undirganligi ham maʼlum qilingan.

Mazkur guruh tashkilotchilari, qiziqqon foydalanuvchilarni ayol-qizlarning intim surat va videolari joylangan telegramdagi VIP chatga 100—500 ming soʻm evaziga qoʻshishgan.

Sud ishi Jinoyat ishi 2024-yilning 11-yanvar kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudining sudyasi J.Saidov raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora koʻrilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida koʻrib chiqilgan. Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari Aziz Abidovxabar bergan.

Oliy sud ularga nisbatan chiqarilgan sud hukmini eʼlon qilgan. Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudida Jinoyat kodeksining 130-moddasi (pornografik mahsulot tayyorlash, Oʻzbekiston hududiga olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) 2-qismi „b“ bandi, 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi „a“, „g“ bandlari, 140-moddasi (haqorat qilish) 2-qismi, 141-moddasi (shaxsning shaʼnini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilish) 2-qismi „b“, „v“ bandlari va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi „a“, „v“ bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan guruh aʼzolariga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud hukmi eʼlon qilingan.

Eʼlon qilingan sud hukmiga muvofiq guruh aʼzolariga 3 yildan 7 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Oliy sud saytidagi maʼlumotlarga koʻra, jabrlanuvchilar 62 nafarni tashkil etgan, ulardan 55 nafari ayol-qizlardir.

Ish boʻyicha, dastlab 6-7 kishi hibsga olingan boʻlsa-da, 3 nafar shaxs – Sh. I, B. S. va V. X.ga nisbatan sud ishi olib borilgan.

Guruh tomonidan rasm va videolar yuklangan telegramdagi kanal va guruhlar Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi orqali bloklangan.

Manbalar

Turkum:Jinoyatchilik