Virgilijus Alekna (1972-yil 13-fevral; Litva SSR, Kupiskis tumani, Terpeikiai qishlogʻi) — litvalik yengil atletikachi. Yengil atletikaning disk uloqtirish turi boʻyicha musobaqalarda ishtirok etgan. Besh bora olimpiada oʻyinlarida ishtirok etgan. Sportchi ikki karra olimpiya chempioni, ikki karra jahon chempioni, Yevropa chempionidir. Yevropaning eng yaxshi yengil atletikachisi (2005). Litvaning eng yaxshi sportchisi (2000, 2004, 2005, 2006 va 2007-yillarda). UNESCOning sport elchisi unvoni berilgan. Kaunas jismoniy tarbiya akademiyasi bitiruvchisi. Track & Field News nashri tomonidan 2000-yilning eng yaxshi yengil atletikachisi deb topilgan.

Tarjimai holi 1972-yilda kichik qishloqda dehqon oilasida tugʻilgan. 14 yoshidan boshlab qisqa vaqt basketbol bilan shugʻullangan. Yengil atletikada dastlab nayza uloqtirish turidan boshlab, soʻng disk uloqtirishga oʻtgan. 1995-yilda Litva davlat jismoniy tarbiya institutini tamomlagan. Biroz muddat Litva prezidenti Algirdas Brazauskasning tansoqchisi sifatida ham faoliyat yuritgan.

1996-yilda Atlantada boʻlib oʻtgan olimpiya oʻyinlarida Alekna 65,30 m natija bilan 5-oʻrinni egallagan. Toʻrt yildan soʻng Sidneyda Alekna oʻzining beshinchi urinishida diskni 69 m 30 sm masofaga uloqtirib, faoliyatida ilk marta olimpiya chempioni boʻlgan. 2004-yilda Afinada Virgilijus Alekna vengriyalik Róbert Fazekasga yutqazib, 69,89 m natija bilan ikkinchi oʻrinni egallagan. Ammo musobaqadan soʻng Fazekas dastlab doping testidan oʻtishdan bosh tortgan. Keyin test natijalarini almashtirib qoʻyishga urinib koʻrgan. Almashtirishga harakat qilayotgan paytida qoʻlga olingan. Shu tariqa oltin medal litvalik sportchiga nasib etgan. Aleknaning 69,89 m natijasi hozirda disk uloqtirish boʻyicha olimpiya rekordi hisoblanadi. 2008-yilda Pekinda 67.79 m natija bilan bronza medalini qoʻlga kiritgan. 2012-yilgi olimpiya oʻyinlarida Virgilijus Alekna toʻrtinchi oʻrinni egallagan. Manbalar

Turkum:Yengil atletika boʻyicha jahon chempionati gʻoliblari Turkum:2012-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlari yengil atletikachilari Turkum:2008-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlari yengil atletikachilari Turkum:2004-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlari yengil atletikachilari Turkum:Yengil atletika boʻyicha Olimpiyada oltin medali sovrindorlari Turkum:Litva Buyuk Gertsogi Gediminas ordeni sohiblari Turkum:Alifbo boʻyicha shaxsiyatlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1972-yilda tugʻilganlar Turkum:13-fevralda tugʻilganlar Turkum:Alifbo boʻyicha sportchilar