HTC Dream (Qoʻshma shtatlar va yevropaning bir qismida T-Mobile G1 va Polshada Era G1 nomi bilan mashhur) — HTC tomonidan ishlab chiqarilgan smartfon. Birinchi marta 2008-yil oktabr oyida T-Mobile bilan 2 yillik shartnoma asosida 179 dollar narxda chiqarilgan Dream, Symbian, BlackBerry OS va iPhone OS kabi oʻz davrining yirik smartfon platformalariga ochiq raqobatchi qilib yaratilgan, Google va Open Handset Alliance tomonidan sotib olingan va keyinchalik rivojlantirilgan Linuxga asoslangan Android operatsion tizimida ishlovchi ilk tijorat qurilmasi. Operatsion tizim sozlanuvchan grafik foydalanuvchi interfeysi, Gmail kabi Google xizmatlari bilan integratsiya, oxirgi ishlatilgan ilovalar roʻyxatidan yuboriladigan tizim bildirishnomasi va qoʻshimcha ilovalarni yuklash uchun Android marketni taklif qiladi.

Dream omma tomonidan ijobiy qabul qilindi. Dream oʻzining mustahkam qurilma dizayni uchun maqtovga sazovor boʻlgan boʻlsa-da, Android operatsion tizimining joriy etilishi koʻproq oʻrnatilgan platformalarga nisbatan maʼlum funksionallik va uchinchi tomon dasturlari yoʻqligi uchun tanqidga uchradi, ammo baribir ochiq manbasi, bildirishnoma tizimi va Gmail kabi Google xizmatlari bilan integratsiyasi tufayli innovatsion hisoblandi.

Tarixi

Rivojlanishi

2005-yil iyul oyida Google mobil qurilmalar uchun nomaʼlum dasturiy taʼminot ustida ishlayotgan Andy Rubin boshchiligidagi Android Inc kompaniyasini sotib oldi. Google boshchiligida jamoa Symbian va Windows Mobile kabi operatsion tizimlar bilan raqobatlasha oladigan mobil telefonlar uchun standartlashtirilgan, Linuxga asoslangan operatsion tizimni ishlab chiqish jarayonida edi. Android ilk eʼtiborini „Sooner“ nomli prototipga qaratdi. Qurilma BlackBerry uslubidagi, sensorsiz kichik ekranli, yoʻnaltirish tugmalari va jismoniy QWERTY klaviaturasi boʻlgan xabar almashish telefoni edi. 2007-yil yanvar oyida Apple kompaniyasining birinchi smartfoni boʻlgan iPhonening taqdimoti va uning ilgʻor dizayni Rubinni hayratda qoldirdi va loyiha yoʻnalishini oʻzgartirishga toʻgʻri keldi. Operatsion tizimning dizayni tezda qayta ishlandi va eʼtibor „Dream“ nomli yangi prototip qurilmaga qaratildi — suriluvchi, jismoniy klaviaturaga ega sensorli qurilma. Jismoniy klaviatura ataylab qoʻshildi, chunki Android ishlab chiqaruvchilari foydalanuvchilarga virtual klaviatura gʻoyasi yoqmasligini payqab qolishgan.

Android operatsion tizimi 2007-yil noyabr oyida Open Handset Alliance (OHA) tashkil qilinishi bilan birga rasman ommaga taqdim etildi; mobil qurilmalar uchun ochiq standartlarni birgalikda rivojlantirishga apparat, dasturiy taʼminot va telekommunikatsiya kompaniyalari kelishib olishdi. Bu kompaniyalarga Google va oʻsha paytdagi eng yirik telefon ishlab chiqaruvchilardan biri boʻlgan HTC kompaniyasi kiradi. Google 2008-yilda Androidning rasmiy ommaviy ishga tushirilishiga tayyorgarlik koʻrish uchun bir nechta Linux qurilmalari sinovdan oʻtkazilayotganini aytgan boʻlsa ham, oʻsha yili AQShda faqat bittasi — HTC Dream chiqarilishi kerak edi. Rejalariga koʻra, Dreamni yil oxirigacha T-Mobile AQShda bayram oldi xaridlar mavsumiga toʻgʻirlab chiqarishi kerak edi. Sprint OHA bilan birga ishlagan boʻlsa ham, oʻziga xos Android telefon ishlab chiqarishni oshkor qilmagandi va bu vaqtga kelib, Verizon Wireless va AT&Tlar Android telefon haqida oʻylab ham tuzmagandilar .

Taqdimot

HTC 2008-yil 23-sentabrda Dreamni rasman taqdim qildi. Birinchi marta T-Mobile tomonidan T-Mobile G1 sifatida 2008-yil 20-oktabrda AQShda faqat 3Gʻni qoʻllab-quvvatlaydigan bozorlarida (2009-yil 24-yanvarda barcha bozorlarda) chiqarildi va 2008-yil noyabr oyida Britaniyada va 2009-yil boshida Yevropaning boshqa hududlarida ommaga taqdim etildi. 2009-yil 10-martda Polshada Era G1 nomi ostida sotuvga chiqarildi. 2009-yil 2-iyunda Dream va uning oʻrinbosari (HTC Magic) Kanadada Rogers Wireless tomonidan taqdim qilindi.

2010-yil 27-iyulda T-Mobile tomonidan Dreamning ishlab chiqarilishi toʻxtatildi. G1 2010-yil oktabr oyida T-Mobile G2 qurilmasiga muvaffaqiyatli ravishda oʻrnini boʻshatib berdi, yangi HTC qurilmasi Android operatsion tizimi va suriluvchi klaviaturaga ega edi va T-Mobile G2 AQShda „4G“da ishlovchi birinchi smartfon boʻldi.

Yana qarang

HTC Hero, HTC`ning Sense dasturiy taʼminoti bilan ishlovchi birinchi Android qurilmasi. Nexus One, Nexus seriyali flagman qurilmalarini ishga tushirish uchun HTC tomonidan Google uchun ishlab chiqilgan Android qurilma

Manbalar

Tashqi havolalar T-Mobile G1 product page (archived)

Turkum:HTC smartfonlari Turkum:Sensorli qurilmalar Turkum:2008-yilgi mobil qurilmalar Turkum:Ishlab chiqarilishi to'xtatilgan smartfonlar Turkum:Android