Qabaqli ota maqbarasi (yoki Qabaqli ata maqbarasi) — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qoraoʻzak tumaniga qarashli „Qorauzyak“ OFY, Qabaqli ata qabristonida joylashgan tarixiy yodgorlik. Maqbara XVIII—XIX asrlarga tegishli boʻlib, hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Hozirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi.
Tarixi va etimologiyasi Qadim zamonlarda Orol dengizi sohillari boʻyida yashagan turkiy qavmlarining muqaddas qabristonlaridan biri boʻlgan. „Qabaqli ota“ning asl ismi Sipatdin boʻlgani manbalarda qayd etilgan. Qabaqli ota bu hududlarga XVII asrning oxirlarida Turkiston tomonlardan kelgan shaxs boʻlgan. U islom dini targʻiboti bilan shugʻullangan maʼrifatchi ulamolardan biri hisoblanadi. Rivoyatlarda aytilishicha, Qabaqli ota yoʻl boʻylab juda katta suv toʻla qovoqni orqalab yurgan va choʻlda sayohat qilgan yoʻlovchilarga ulashgan. Shu sababdan ham mahalliy aholi uni keyinchalik „Qabaqli ota“ deb atay boshlagan. Qabaqli otaga tegishli ekanligi aytiladigan suv qovogʻining siniqlari hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Shu bilan bir qatorda turkmanlarning Qabaqli urugʻi ham mavjud boʻlib, XIX asrda Amudaryo qirgʻogʻida Qabaqli qoʻrgʻoni va mudofaa inshooti ham qurilgan. Oʻz zamonasining koʻplab ziyoli shaxslari, jumladan, Berdaqning ustozi Jiyen Jirov „Qabaqli ota“ qabristoniga dafn etilgan. Oʻzbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati aʼzosi olim Gʻayratdin Xoʻjaniyazov koʻplab ziyoratgohlar qatorida Qabaqli ota ziyorotgohining yoʻl koʻrsatgich xaritalarini tuzish kerakligini aytib oʻtgan.
Yana qarang Sulton Uvays bobo maqbarasi
Shibliy ota maqbarasi
Toqmaq ota maqbarasi
Shamun-Nabi maqbarasi
Tugʻon Turk maqbarasi
Manbalar
Turkum:Qoraqalpogʻiston Turkum:Oʻzbekiston meʼmoriy yodgorliklari Turkum:Qoraqalpogʻiston meʼmoriy yodgorliklari Turkum:Qoraoʻzak tumani