Uzun Hasan (XV—XVI asrlar) — temuriy Umarshayx Mirzo hamda oʻgʻli Bobur Mirzo xizmatida boʻlgan amaldor va Axsi hokimi, kelib chiqishi barlos urugʻiga mansub beklardan biri.

Hayot yoʻli Samarqandga amalga oshirilgan dastlabki harbiy yurish oldidan Bobur Axsikent boshqaruvini Uzun Hasanga topshirib ketgan. Samarqand egallangan boʻlsa-da, shaharda boshlangan ocharchilik tufayli Bobur askarlari va xalq ogʻir ahvolda qolgan. Shunday sharoitda Bobur qoʻshini tarqab keta boshlaydi. Qochganlar orasida Ahmad Tanbal ham boʻlgan. Qochqinlar Axsi va Andijon shaharlari tomon borishadi. Bobur oʻz ustozi Xoja Qozini ularning ortidan yuborgan. Chunki Uzun Hasan Xoja Qoziga ixlosmand kishi edi. Bobur aslida qochqinlarni Samarqandga qaytarishda Uzun Hasandan yordam soʻragan yoki hech boʻlmasa ularni jazolanishini kutayotgan edi. Lekin bu buzgʻunchilikning ortida Uzun Hasan turgani tez orada oshkor boʻladi. Bu haqida Bobur Mirzo oʻzining Boburnoma asarida shunday maʼlumotlar keltirilgan:

Boburnomada aytilganidek, Ahmad Tanbal hamda Uzun Hasan oʻzaro til biriktirib, Andijon va Axsi taxtiga Jahongir Mirzoni oʻtqazish harakatiga tushgan. Shu maqsadda Uzun Hasan Axsidan Andijonga harbiy yurish boshlaydi. Bobur tomonidan Andijon hokimi etib tayinlangan Ali Doʻst Togʻoyi harbiy kuch va zaxira yetarli boʻlishiga qaramay, Uzun Hasan va Ahmad Tanbalga shaharni topshiradi. Bu xabar Boburga yetib borganidan keyin u Samarqand shahrini tashlab chiqadi va 240 nafar yigiti bilan avval Margʻilon shahriga kelib tushadi. Margʻilonda 2-3 kun turgach, Andijon shahri tomonga harakatlanadi. Boburning shaharga yaqinlashib qolganidan xabar topgan Ahmad Tanbal va Uzun Hasan qoʻshin yigʻa boshlaydi. Yuz bergan toʻqnashuvda Uzun Hasan magʻlubiyatga uchraydi va Andijon shahri tomon chekinadi. Lekin shahar darvozasi Uzun Hasan uchun ochilmaydi va shahar aholisi oʻzaro kelishib Bobur Mirzoga chopar joʻnatishadi. Noiloj qolgan Uzun Hasan Axsiga tomon chekinadi. Axsi shahri ham Bobur Mirzo tomonidan qamal qilinganidan keyin Uzun Hasan taslim boʻlishga majbur boʻladi. Oʻzaro kelishuvga koʻra Hisorga joʻnab ketgan Uzun Hasanni koʻplab bek va askarlari tashlab ketgan edi.

Manbalar

Turkum:Tarixiy shaxslar Turkum:Temuriylarga xizmat qilgan sarkardalar Turkum:Temuriylar davlati