Dilorom Ilxamovna Ahmedova — (1957-yil, 5-fevral, Toshkent, Oʻzbekiston SSR, SSSR) — taniqli oʻzbekistonlik olima. Tibbiyot fanlari doktori (1998), professor (2002). Rossiya federatsiyasi Tibbiyot va texnika fanlari akademiyasi akademigi.
Tarjimayi holi Dilorom Ahmedova 1957-yil 5-fevralda Toshkent shahrida tavallud topgan. U 1980-yil Oʻrta Osiyo Pediatriya tibbiyot institutini tugatgan. Koʻp yillar mobaynida tibbiyot, pedagogika, siyosiy sohalarda faoliyat yuritib kelmoqda. U 2001—2006-yillar respublika bosh pediatri, 2006—2010-yillar Toshkent pediatriya tibbiyot institutida ilmiy ishlar boʻyicha prorektor, 2010—2012-yillar Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi RIPIATM direktori kabi lavozimlarda faoliyat yuritib kelmoqda. Bundan tashqari, Tosh qoshidagi onalik va bolalik boʻyicha Ilmiy kengash raisi oʻrinbosari, „Organizatsiya i upravlenie zdrovoxraneniem“, „Pediatriya“ ilmiy-amaliy jurnali bosh muharriri muovini, „Shoshilinch tibbiyot axborotnomasi“ va „Pediatricheskaya farmokologiya“ (Rossiya) jurnallari tahrir hay’ati aʼzosi, Xalqaro va respublika forumlarining ishtirokchisi va tashkilotchisi.
Ilmiy faoliyati Dilorom Ahmedova 400 ga yaqin ilmiy ishlar muallifi. U shuningdek, 4 ta mualliflik guvohnomasi va 2 ta kashfiyotga patent olgan. Dilorom Ahmedova 5 nafar fan doktori, 14 nafar fan nomzodini tayyorlagan. Uning neonatologiya va pediatriya sohasida olib borgan ilmiy izlanishlari dunyo boʻylab keng qoʻllanilmoqda. Olima tomonidan JSST, UNISEF zamonaviy texnologiyalari va ilmiy-tekshirishlar asosida bolalarga sogʻliqni saqlashning birinchi boʻgʻinida tibbiy xizmat koʻrsatishning sifatini oshirish boʻyicha intervensiyalar toʻplami ishlab chiqildi.
Mukofotlari Dilorom Ahmedova Oʻzbekiston Respublikasi fan va texnika sohasidagi I darajali Davlat mukofoti laureate, „Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi“ unvoni, „Oʻzbekiston mustaqilligiga 20-yil“ esdalik nishoni bilan mukofotlangan.
Manbalar