Abel Makkonen Tesfaye () (, 1990-yil 16-fevralda tugʻilgan) – kelib chiqishi efiopiyalik boʻlgan kanadalik qoʻshiqchi, qoʻshiqnavis, musiqiy prodyuser va aktyor. The Weeknd taxallusi ostida ijod qiladi. U pop musiqasining namoyondalaridan biri sifatida tanilgan boʻlib, yengil lirik tenor ovoz diapazoni va falsetto kuylash uslubi, shuningdek, oʻziga xos alternativ R&B uslubi bilan eʼtirof qozongan. Uning yutuqlari orasida toʻrtta Grammy, yigirmata Billboard Music Awards, yigirma ikkita Juno Awards, oltita American Music Awards, uchta MTV Video Music Awards hamda bitta Latin Grammy Awards mukofoti mavjud.
Tesfaye 2009-yilda oʻz musiqalarini anonim tarzda eʼlon qila boshlagan. U keyinchalik XO nomli yozuv leybliga asos solib, 2011-yilda House of Balloons, Thursday va Echoes of Silence nomli uchta miksteypni chiqardi. Ushbu toʻplamlardagi alternativ R&B uslubi hamda shaxsiyati atrofidagi sirlilik unga katta shuhrat olib keldi. Oradan koʻp oʻtmay, u Republic Records bilan shartnoma tuzdi va mazkur miksteyplarni Trilogy (2012) nomli toʻplam albomiga birlashtirib qayta chiqardi. Keyingi yili esa u oʻzining ilk studiyaviy albomi – Kiss Landni taqdim etdi. 2013–2014-yillarda bir qator hamkorlikdagi treklar va filmlar uchun saundtreklarda ishtirok etganidan soʻng, Tesfaye oʻziga xos alternativ R&B uslubini yanada ommaviy, pop yoʻnalishiga yaqin ohanglar bilan uygʻunlashtira boshladi. Bu yoʻnalish uning ikkinchi va uchinchi studiyaviy albomlari – Beauty Behind the Madness (2015) hamda Starboy (2016) da yaqqol namoyon boʻldi. Har ikkisi ham AQShning Billboard 200 roʻyxatida birinchi oʻrinda debyut qilgan boʻlib, Billboard Hot 100 chartida birinchi oʻringa chiqqan „Can't Feel My Face“, „The Hills“, „Starboy“ va „Die for You“ singllarini taqdim etdi.
Tesfaye 2018-yilda chiqarilgan ilk mini-albomi – My Dear Melancholy orqali yana alternativ R&B yoʻnalishiga xos, chuqur va hissiyotga boy ohanglarga qaytdi. Ushbu albomga AQSh chartlarida ilk oʻntalikka kirgan „Call Out My Name“ singli ham kiritilgan edi. Keyinchalik, u ketma-ket uch xil davrni ifodalovchi albom trilogiyasi ustida ishlay boshladi va uning ilk qismi – toʻrtinchi studiyaviy albomi After Hours (2020) da dream pop va new wave janrlariga murojaat qilib, oʻz uslubiga singdirdi. Albom „Heartless“ va „Save Your Tears“ kabi chartlarda yetakchilik qilgan hitlarni, shuningdek, Billboard Hot 100 tarixidagi eng muvaffaqiyatli va eng uzoq vaqt chartda qolgan qoʻshiq – „Blinding Lights“ni taqdim etdi. Tesfaye ijodida dance-pop unsurlarini sinab koʻrishga kirishdi va bu uni trilogiyaning ikkinchi qismi hamda beshinchi studiyaviy albomi – Dawn FM (2022) ni yaratishga olib keldi. Albom tarkibida AQSh chartlarida ilk oʻntalikka kirgan „Take My Breath“ singli ham mavjud edi. 2023-yilda u HBO telekanali uchun yaratilgan The Idol nomli teleserialni hammualliflikda yaratib, unda bosh rolni ijro etdi; biroq u katta bahs-munozaralarga sabab boʻlib, tanqidchilar tomonidan salbiy baholandi. Uning oltinchi studiyaviy albomi va trilogiyaning uchinchi, yakuniy qismi – Hurry Up Tomorrow (2025) esa AQSh da kuchli beshtalikka kirgan „Timeless“ singlini hamda tanqidchilar tomonidan salbiy qarshi olingan shu nomdagi filmni taqdim etdi.
Tesfaye 2011-yilda menejerlar Wassim Slaiby va Amir Esmailian, shuningdek, tez-tez hamkorlik qiluvchi ijodiy direktor La Mar Taylor bilan birgalikda XO yozuv leybliga asos soldi. U 2018-yildan 2022-yilgacha Apple Music 1 radiostansiyasida Memento Mori nomli dasturga mezbonlik qilgan. Baʼzan XO brendi ostida Tesfaye BAPE, Puma va H&M kabi moda kompaniyalari, Nespresso qahva brendi, Paris Saint-Germain futbol klubi hamda Fortnite va Roblox kabi videooʻyinlar bilan hamkorlik qilgan. 2020-yilda u HXOUSE nomli ijodiy inkubatorni yoʻlga qoʻydi (loyiha boshqaruvida bevosita qatnashmasa-da, hamkor sifatida uni qoʻllab-quvvatlab keladi) va 2021-yilda BMT Jahon oziq-ovqat dasturining ezgu niyatlar elchisi etib tayinlandi. Tesfaye turli ijtimoiy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlab, irqiy tenglik va oziq-ovqat xavfsizligi masalalarida faol fuqarolik pozitsiyasini bildirgan.
Tesfaye 75 milliondan ortiq yozuv (albom va singllar) sotgan boʻlib, barcha davrlarning, asarlari eng koʻp sotilgan musiqachilaridan biri hisoblanadi. Uning singllari RIAA tomonidan yetti karra „olmos“ sertifikatiga sazovor boʻlgan. Shuningdek, Hot R&B/Hip-Hop Songs chartida bir vaqtning oʻzida yuqori uch oʻrinni egallagan tarixdagi ilk ijodkor sifatida qayd etilgan. U Spotify platformasida 1 milliarddan ortiq strimlarga ega qoʻshiqlari soni boʻyicha rekord oʻrnatgan (28 ta qoʻshiq), ulardan „Blinding Lights“ esa platforma tarixidagi eng koʻp tinglangan qoʻshiqqa aylangan. Time jurnali uni 2020-yilda dunyoning eng kuchli taʼsirga ega shaxslar roʻyxatiga kiritgan. After Hours albomi keyinchalik tarixdagi eng koʻp tinglangan R&B albomiga aylangan. Tesfayening After Hours til Dawn Tour gastrol safari esa tarixdagi eng yuqori daromad keltirgan R&B tur sifatida qayd etilgan.
Hayoti va faoliyati
1990–2008-yillar: Hayotining dastlabki yillari Abel Makkonen Tesfaye 1990-yil 16-fevralda Ontario provinsiyasidagi (turli manbalarga koʻra) Toronto yoki Scarborough shahrida tugʻilgan. U Efiopiyadan koʻchib kelgan muhojirlar Makkonen Tesfaye va Samrawit Hailuning yagona farzandi boʻlib, ota-onasi u tugʻilganidan koʻp oʻtmay ajrashishgan. Tesfaye Scarborough chekkasida, onasi va buvisi tomonidan tarbiyalangan. Otasining ismi anʼanaviy efiopcha „Makonnen“ shakli oʻrniga „Makkonen“ tarzida yoziladi. Fin tilidagi „Makkonen“ familiyasiga oʻxshashlik mutlaqo tasodifdir. Tesfayening patronimiyasining yozilishi esa ehtimol, tipografik xato natijasi yoki anʼanaviy ismning yangicha shaklidir. Tesfaye oʻz buvisidan oʻrgangan ona tili – amhara tilida yaxshi soʻzlashadi hamda fransuz tili boʻyicha ham ravon, chunki u fransuz tili chuqur oʻrgatiladigan maktabda oʻqigan. U, shuningdek, West Hill Collegiate Institute va Birchmount Park Collegiate Institute taʼlim muassasalarida tahsil olgan.
Oʻn yetti yoshida Tesfaye maktabni tashlab, ikki doʻsti bilan Parkdale hududidagi bir xonadonga koʻchib oʻtgan. U doʻstlaridan biri, hozir uning ijodiy direktori boʻlgan eng yaqin doʻsti La Mar Taylor bilan yashagan. Tesfaye doʻstlari bilan gedonistik turmush tarzini kechirgan va sahna nomini uydan hafta oxirida (weekendda) ketgani uchun tanlagan. U „weekend“ soʻzidagi soʻnggi „e“ harfini kanadalik pop-rok guruhi The Weekend bilan savdo belgisi mojarosidan qochish maqsadida olib tashlagan. U bu davrda uysizlikni ham boshdan kechirgan va bir necha marotaba hibsga olingan, bular esa uni „aqlini yigʻishtirib olish va eʼtiborini jamlash“ga undagan. Shu vaqt mobaynida Tesfaye tez-tez giyohvand moddalar isteʼmol qilgan, jumladan ketamin, kokain, MDMA, gallyutsinogen qoʻziqorinlar va yoʻtal siropi kabilar, va u giyohvandlikni musiqa yozishda oʻziga „tayanch vosita“ boʻlganini taʼkidlagan. Hozirgi sahna nomini qabul qilishidan avval u „Bulleez n Nerdz“ nomli hip-hop dueti tarkibida „Kin Kane“ taxallusi ostida ijod qilgan hamda „The Noise“ nomli prodyuserlar jamoasining bir qismi boʻlgan.
2009–2014-yillar: Trilogy va Kiss Land
2009-yil avgust oyida Tesfaye YouTube platformasiga anonim tarzda musiqalarini joylay boshlagan. Keyingi yili u bir ziyofatda prodyuser Jeremy Rose bilan tanishgan. Rose Tesfayening bir instrumental ustida improvizatsiya qilganini eshitgach, uni dark R&B yoʻnalishidagi loyiha ustida birgalikda ishlashga taklif qilgan. Bir necha qoʻshiq yaratgach, ular ijodiy kelishmovchiliklar sababli aloqalarni uzishgan. Biroq Tesfayega ularning birgalikda yaratgan qoʻshiqlaridan foydalanishga ruxsat berilgan, sharti shuki, Rose prodyuser sifatida titrlarda koʻrsatilishi kerak edi. 2010-yil dekabr oyida Tesfaye „xoxxxoooxo“ foydalanuvchi nomi ostida YouTubega „What You Need“, „Loft Music“ va „The Morning“ nomli qoʻshiqlarini joylagan. Dastlab uning shaxsi oshkor etilmagan. Bu qoʻshiqlar internetda eʼtibor qozongan va keyinchalik reper Drakening blogidagi postda tilga olingan. Mazkur qoʻshiqlar shundan soʻng Pitchfork hamda The New York Times kabi turli ommaviy axborot vositalarida yoritilgan.
2011-yilda Tesfaye musiqa sanoati vakillari Wassim „Sal“ Slaiby va Amir „Cash“ Esmailian bilan tanishgan hamda ular, La Mar Taylor bilan birgalikda, XO nomli yozuv leyblini tashkil etishgan. 21-mart kuni Tesfaye oʻzining ilk miksteypi – House of Balloonsni chiqargan, unda prodyuserlar Illangelo va Doc McKinney ishtirok etgan. Miksteyp tarkibiga Rose tomonidan yaratilgan qoʻshiqlar ham kiritilgan boʻlsa-da, u prodyuser sifatida titrlarda koʻrsatilmagan. House of Balloons 2011-yilgi „Polaris Music Prize“ mukofoti uchun short-listdagi oʻnta nomzoddan biri sifatida tan olingan.
Tesfaye 2011-yil may oyida Drake bilan hamkorlikni boshlagan va natijada 31-iyul kuni oʻtkazilgan OVO Fest dasturida ishtirok etish imkoniga ega boʻlgan. Oʻsha yilning iyul oyida Tesfaye Torontodagi Mod Club Theatre sahnasida ilk jonli konsertini oʻtkazgan; ushbu chiqish Drake ishtirok etgani bois ommaviy axborot vositalarining eʼtiborini tortgan. Shuningdek, u Toronto universitetining Qora tanli talabalar assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan konsertlarda ham qatnashgan.
2011-yilning yozida Tesfaye AQSh ommaviy axborot vositalarida ham eʼtibor qozongan, bunga uning „High for This“ nomli qoʻshigʻi HBO telekanalining Entourage seriali soʻnggi mavsumiga bagʻishlangan reklama kampaniyasida ishlatilgani sabab boʻlgan. 18-avgust kuni Tesfaye ikkinchi miksteypi – Thursdayni taqdim etgan boʻlib, u asosan ijobiy sharhlar bilan kutib olingan. Tesfaye 15-noyabr kuni chiqgan Drakening ikkinchi studiyaviy albomi Take Care uchun toʻrtta qoʻshiqda muallif, prodyuser va albomning yettinchi singli „Crew Love“da ijrochi sifatida ishtirok etgan. U 21-dekabr kuni oʻzining uchinchi miksteypi – Echoes of Silenceni chiqargan. Ushbu miksteyp 2012-yilgi „Polaris Music Prize“ mukofotining long-listidagi nomzodlardan biri sifatida qayd etilgan.
2012-yil aprel oyida Tesfaye koʻpgina chiqishlarni amalga oshirgan, jumladan, Coachella festivalida hamda Nyu-York shahridagi Bowery Ballroom zalida chiptalari toʻliq sotilgan ikki konsertda ijro etgan. Shuningdek, u Ispaniya va Portugaliyadagi Primavera Sound festivallarida hamda Buyuk Britaniyadagi Wireless Festivalda chiqish qilgan. Sentyabr oyida Tesfaye Republic Records leybli bilan shartnoma imzolagan, XO esa uning shoʻba leybli sifatida faoliyat yurita boshlagan. Oʻsha oyning oʻzida Tesfaye oʻzining ilk gastrol safari – Fall Tourni boshlagan. Mazkur gastrol dasturiga oʻzining yakkaxon hamda ingliz guruhi Florence and the Machine ochib bergan konsertlar kiritilgan edi. Tur 2012-yil sentyabridan noyabrigacha Shimoliy Amerikada oʻtkazilgan.
2012-yil 13-noyabrda Tesfaye Trilogy nomli toʻplam albomini chiqargan. Ushbu albom 2011-yilda taqdim etilgan miksteyplarining remiks va remaster qilingan versiyalarini, shuningdek, qoʻshimcha uchta yangi trekni oʻz ichiga olgan. Albom AQShning Billboard 200 reytingida toʻrtinchi oʻrinda debyut qilgan boʻlib, birinchi haftada 86 ming nusxada sotilgan. U Amerika yozuv sanoati assotsiatsiyasi (RIAA) tomonidan platina, Music Canada tomonidan esa ikki karra platina sertifikatiga sazovor boʻlgan. Shuningdek, albom Tesfayega BBC tomonidan taqdim etiladigan Sound of 2013 soʻrovnomasida gʻolibligi uchun nomzodlikni keltirgan.